16:32 / 17.09.2021
5228

Prezident ShHTning kelgusidagi asosiy ustuvor yo‘nalishlari va vazifalariga to‘xtaldi

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida 17 sentabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 2021-2022 yillarda ShHTga O‘zbekiston raislik qilishini inobatga olib, tashkilotning kelgusi davrdagi asosiy ustuvor yo‘nalishlari va vazifalariga to‘xtalib o‘tdi.

ShHT doirasida ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirish maqsadida tashkilotga a'zo davlatlar o‘rtasida Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirish bo‘yicha 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan kompleks dasturni tayyorlash va qabul qilish taklifi bildirildi.

O‘zbekiston prezidenti savdo to‘siqlarini bartaraf etish, texnik reglamentlarni yaqinlashtirish, bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish hamda o‘zaro bozorlarga chiqishni yengillashtirishni nazarda tutadigan Mintaqa ichidagi savdoni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

Tashkilotga a'zo mamlakatlarning biznes hamjamiyatlari vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rag‘batlantirish masalalarini har tomonlama ko‘rib chiqish uchun kelgusi yilda O‘zbekistonda ShHT Iqtisodiy forumi va Sanoat yangiliklari haftaligini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

ShHT sanoat kooperatsiyasi dasturini tez fursatda qabul qilish hamda a'zo davlatlar hududida industrial kooperatsiya markazlarini tashkil qilish muhim ekani qayd etildi.

O‘zbekiston yetakchisi transport bog‘liqligini rivojlantirish bo‘yicha ShHT strategiyasining qabul qilinishi mamlakatlar tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish hamda “Sharq-G‘arb” va “Shimol-Janub” yo‘laklari tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qilishini ta'kidladi.

- ShHT makonida infratuzilmaviy taraqqiyot bo‘yicha uzoq muddatli dasturni birgalikda tayyorlash tashabbusini ilgari suramiz. Unga energetika, kommunikatsiyalar, “yashil” taraqqiyot sohalarida transchegaraviy loyihalarni kiritish mumkin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kambag‘allikni qisqartirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash masalalarining dolzarb ahamiyatini hisobga olib, O‘zbekiston prezidenti bu borada vazirlarning uchrashuvlari va ekspertlar maslahatlashuvlarini muntazam o‘tkazish mexanizmini joriy qilish taklifini ilgari surdi.

Mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlarni faollashtirish maqsadida sammit ishtirokchilarining e'tibori ShHT makonida ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining uchrashuvlarini qayta tiklash muhim ekaniga qaratildi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev kibermakondagi zamonaviy tahdid va xatarlarga munosib javob qaytarish uchun ShHTning axborot xavfsizligi sohasidagi ekspertlar forumini ta'sis etish to‘g‘risida tashabbus bilan chiqdi.

- Biz “xalq diplomatiyasi”da birgalikda erishilgan natijalarni ijobiy baholaymiz, - dedi prezident. – Qo‘shma madaniy, fan-ta'lim, sport va boshqa tadbirlarni faollashtirish maqsadida “ShHT Ezgu niyat elchisi” institutining ta'sis etilishi tarafdorimiz.

Bundan tashqari, mamlakatlarning turizm sohasidagi hamkorligi to‘g‘risida hukumatlararo bitimni tayyorlash taklifi bildirildi.

O‘zbekiston yetakchisi yana bir dolzarb mavzu – yuqumli kasalliklarni profilaktika qilish va davolash, koviddan keyingi reabilitatsiya sohalaridagi hamkorlik, vaksinatsiya to‘g‘risidagi sertifikatlarni o‘zaro tan olish masalalariga to‘xtaldi.

Majlis yakunida ShHTning 20 yilligi bo‘yicha Dushanbe deklaratsiyasi qabul qilindi, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 30 ta hujjat imzolandi.

O‘zbekiston prezidenti Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha o‘tkazilgan “Shanxay hamkorlik tashkiloti – Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti” formatidagi uchrashuvda ham ishtirok etdi.

Top