Jahon | 10:08 / 17.09.2021
3676
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada davlat dumasiga uch kunlik saylovlar boshlandi 

Rossiyada turli darajadagi saylovlarda ovoz berish boshlandi. Saylovchilar, jumladan davlat dumasi deputatlari hamda 9ta region rahbari uchun ovoz berishadi. 

Saylovlar ovoz berish joylari va uylarda 3 kun davomida – 17-19 sentabr kunlari soat 8dan 20gacha bo‘lib o‘tadi. Asosiy ovoz berish kuni 19 sentabr hisoblanadi. Saylovlarni 3 kunlik formatda o‘tkazishga koronavirus tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qaror qilingan.

Birinchi saylov uchastkalari Rossiyaning sharqida joylashgan Kamchatka o‘lkasi va Chukotka avtonom okrugida ochilgan.

3 kun davomida Rossiyaning 85ta sub'yektida regional va mahalliy darajada 4,4 mingdan ko‘proq saylov kampaniyasi bo‘lib o‘tadi. Ulardan aksariyati mahalliy darajadagi saylovlardir. 9ta regionda — Mordoviya, Tiva, Checheniston, Xabarovsk o‘lkasi, Belgorod, Penza, Tver, Tula, Ulyanovsk oblastlarida sub'yektlar rahbarlari uchun ovoz beriladi. Yana 3ta region – Dog‘iston, Qorachay-Cherkes va Shimoliy Osetiya rahbarlari prezident taklif qilgan nomzodlar ichidan qonunchilik yig‘ini deputatlari tomonidan saylanadi. 39ta sub'yektda davlat hokimiyati qonunchilik idoralari deputatlari saylovlari bo‘lib o‘tadi.  

Shuningdek, rossiyaliklar davlat dumasiga 450 deputatni saylashadi. Ulardan 225 nafari bir mandatli saylov okruglari (ya'ni bir okrugdan bir deputat) va yana 225 nafari siyosiy partiyalardan, federal saylov okruglari bo‘yicha saylanadi. Joriy saylovlarda 14ta partiyadan 3812 nomzod ishtirok etadi.

Saylovlar natijalariga ko‘ra 31 mingdan ko‘proq mandat taqsimlanadi.

Saylovchilar ro‘yxatiga Rossiyada yashovchi 108 mlndan va xorijda yashovchi 2 mlndan ko‘proq fuqaro kiritilgan. Rossiyaning o‘zida 96 ming va 144ta xorijiy davlatda yana 348ta saylov uchastkasi faoliyat olib boradi. Bundan tashqari, 7ta saylov uchastkasi Qozog‘istonning Boyqo‘ng‘ir shahrida ochiladi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid