Jahon | 12:34 / 19.09.2021
16975
3 daqiqa o‘qiladi

Pokiston Afg‘onistonda inklyuziv hukumat tuzish bo‘yicha toliblar bilan muzokara boshladi

Pokiston tojiklar, hazoralar va o‘zbeklar ishtirokida Afg‘onistonning inklyuziv hukumatini tuzish bo‘yicha toliblar bilan muzokaralarni boshlagan.

Tojikiston poytaxti Dushanbeda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar rahbarlari bilan uchrashuvlardan so‘ng, Pokiston hukumati tojiklar, hazoralar va o‘zbeklar ishtirokida Afg‘onistonning inklyuziv hukumatini tuzish bo‘yicha toliblar bilan muzokaralarni boshlagan. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Imron Xon tvitterdagi sahifasida ma'lum qildi.

Imron Xon bu 40 yillik urush va nizolardan keyin mamlakatda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishiga hissa qo‘shishi, o‘zgarishlar nafaqat Afg‘oniston, balki butun mintaqaga foyda keltirishini ta'kidlagan.

Avvalroq, Imron Xon ShHT sammiti doirasidagi anjumanda ham Afg‘oniston masalasiga alohida urg‘u berib o‘tgandi.

«Afg‘onistonda 40 yil deganda nihoyat tinchlik o‘rnatish imkoni paydo bo‘ldi va bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslik kerak. Pokiston qo‘shni Afg‘onistondagi urush sabab 80 ming fuqarosini va 150 milliard dollar mablag‘ini yo‘qotdi. Shuningdek, urush sabab Pokistonga 4 million afg‘onistonlik qochoqlar o‘tgan.

Afg‘oniston terrorchilar uchun boshpana, narkotik sotiladigan hudud va qochoqlar makoni bo‘lmasligi kerak. Oldingi hukumat 75 foiz xalqaro hamjamiyat ko‘magi evaziga mavjud edi. Afg‘onistonga xalqaro gumanitar yordam berish jarayonini tizimlashtirish kerak», degandi u.

Ma'lumot uchun, ko‘pchilik ekspertlar va xalqaro jamiyat vakillari toliblar hokimiyatga kelishini bevosita Pokistonning yordami va ko‘magi natijasida ro‘y berdi, deb hisoblashadi. 2004 yilda AQSh ko‘magida Afg‘oniston prezidenti sifatida ish boshlagan va 2014 yilgacha o‘z vazifasini davom ettirgan Hamid Karzay «Tolibon»ning hujumlari kuchaygan bir paytda to‘g‘ridan to‘g‘ri Pokistonga ishora qilib, uni «Afg‘oniston xavfsizligiga ko‘z yumib, mintaqada satellit urushini qo‘llab-quvvatlash»da ayblagandi. Manbalarga ko‘ra, «Tolibon» asoschilari va yuqori lavozimli rahbarlari Pokistonda qolish, mulk sotib olish va hatto tijorat kabi faoliyat turlari bilan shug‘ullanib kelgan. «Tolibon» jangarilari jarohat olganda Pokiston chegarasini kesib o‘tgani va shu yerdagi shifoxonalarda davolangani haqida ma'lumotlar bor.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid