O‘zbekiston | 16:39 / 20.09.2021
2750
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Fransiya aviatsiya sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha bitim imzoladi

Toshkent davlat transport universiteti delegatsiyasi Fransiyaning Tuluza shahrida joylashgan Fransiya fuqaro aviatsiyasi milliy maktabida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

O‘zbekistonlik mutaxassislar Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi o‘quv va mashg‘ulot jarayoni, laboratoriyalari, moddiy-texnik bazasi bilan tanishdi, o‘quv yurti rahbariyati bilan O‘zbekistonda joriy yil noyabr oyida ochilishi rejalashtirilgan Fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlash maktabi o‘quv dasturi va bakalavr yo‘nalishida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi Sardor Rustamboyev, Toshkent davlat transport universiteti rektori Odil Abdurahmonov va prorektori Bahodir To‘rayev, Fransiya fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi prorektori Nikolas Kasalis, Uchuvchilar maktabi direktori Terri de Baskiya ishtirokida ikki ta’lim muassasasi o‘rtasida boshlang‘ich uchuvchilarni tayyorlash bo‘yicha bitim imzolandi.

18 yoshga to‘lgan, ingliz tili bo‘yicha IELTS sertifikatiga ega bo‘lgan, maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tgan, matematika va fizika fanlaridan yozma imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan fuqarolar fuqaro aviatsiyasi uchuvchiligiga da’vogarlik qilishi mumkin. Tahsil ta’lim jarayonining birinchi ikki yili Toshkent davlat transport universiteti bazasida, uchinchi va to‘rtinchi o‘quv yillari Fransiyaning ENAC maktabida olib boriladi.

Ta’lim yakunlari bo‘yicha bitiruvchilarga o‘rnatilgan tartibda Toshkent davlat transport universitetining “Havo kemalari parvoz ekspluatatsiyasi” ta’lim yo‘nalishida bakalavr diplomi hamda fuqaro aviatsiyasida uchuvchilik faoliyatini olib borish imkoniyatini beradigan “ATR” litsenziyasi beriladi. Ta’lim jarayoni to‘la ingliz tilida olib boriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid