Jahon | 09:35
741
3 daqiqa o‘qiladi

MAKS aviakosmik ko‘rgazmasi yana bir yilga qoldirildi

Rossiya hukumati Moskva viloyatida an’anaviy ravishda o‘tkazib kelingan Xalqaro aviatsiya va kosmonavtika saloni - MAKSni 2026 yilgi rasmiy ko‘rgazmalar ro‘yxatidan chiqardi. Shu tariqa, mamlakatning eng yirik aviatsiya tadbirlaridan biri yana bir yilga qoldirilib, 2027 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Foto: AP

Tegishli qaror Rossiya hukumatining huquqiy axborot portalida e’lon qilindi. Hujjatga ko‘ra, Moskva viloyatining Jukovskiy shahrida tashkil etiladigan MAKS aviasaloni kelasi yil emas, balki 2027 yilda o‘tkaziladi. Qaror sabablari rasman izohlanmagan.

Shu bilan birga, hukumat qarorida boshqa aviatsiya tadbirlarining ham muddatlari belgilangan. Jumladan, «Gidroaviasalon» ilmiy-amaliy konferensiyasi 2027 yil sentabr oyida Gelenjik shahrida, «Xalqaro vertolyot texnikasi va aviatsiya tizimlari saloni» esa 2027 yil may-iyun oylarida Qozonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

So‘nggi to‘liq formatdagi salon 2021 yilda bo‘lib o‘tgan

MAKS aviasaloni 1993 yildan buyon har ikki yilda bir marta o‘tkazib kelinardi va Rossiyaning aviatsiya hamda kosmik sanoat sohasidagi eng yirik ko‘rgazmalaridan biri hisoblanadi.

Salonning so‘nggi an’anaviy formati 2021 yilda tashkil etilgan. Keyingi yillarda tadbir oflayn tarzda o‘tkazilmadi. Xususan, 2024 va 2025 yillarda ko‘rgazma onlayn formatda tashkil qilinib, aviatsiya texnikasi namoyishlari va taqdimotlar maxsus videoroliklar orqali taqdim etildi.

2025 yil iyul oyida Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin MAKS aviasalonini 2026–2027 yillarda o‘tkazish haqidagi qarorni imzolagan edi. Ammo endi tadbirning 2026 yilgi qismi bekor qilindi.

Rossiyada ommaviy tadbirlar ham ko‘chirilmoqda

MAKS aviasalonining qoldirilishi mamlakatdagi boshqa yirik ommaviy tadbirlar taqdiri bilan hamohang kechmoqda.

Xususan, Moskvada 12 iyun — Rossiya kuniga bag‘ishlab Qizil maydonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan an’anaviy konsert ham bekor qilindi. Tadbir boshqa maydonga — Mossovet nomidagi madaniyat markaziga ko‘chirilgan.

Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Qizil maydondagi bayram konserti 2003 yildan beri har yili o‘tkazib kelingan. U hatto 2020 yildagi koronavirus pandemiyasi davrida ham bekor qilinmagan edi.

Xavfsizlik omillari tilga olinmoqda

Rossiya nashrlari va xalqaro ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi qarorlarga xavfsizlik bilan bog‘liq omillar ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

The Moscow Times nashrining yozishicha, Rossiya Mudofaa vazirligi ba’zi ommaviy tadbirlarning ko‘chirilishini «joriy operativ vaziyat» bilan izohlagan. Kreml vakillari esa Ukraina tomonidan ehtimoliy xavf-xatarlar mavjudligini bildirgan.

So‘nggi haftalarda Moskva va Moskva viloyatiga uchuvchisiz uchish apparatlari hujumlari soni ko‘paygani haqida xabarlar tarqalgan.

Shu tariqa, bir vaqtlar Rossiya aviatsiya sanoatining asosiy namoyish maydoni hisoblangan MAKS aviasaloni ketma-ket ikkinchi yil ham to‘liq formatda o‘tkazilmaydigan bo‘ldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid