Bugungi kunda turli mamlakatlar va kompaniyalar tomonidan ishlab chiqilayotgan loyihalar havo transportini tejamkor, ekologik toza va samarali qilishga qaratilgan. Ular orasida elektr, gibrid va vodorod dvigatelli samolyotlar, shuningdek, mutlaqo yangi aerodinamik shakllarga ega havo kemalari bor.

Boeing X-66A / © Wikimedia Commons



Boeing X-66A

NASA va Boeing hamkorligida yaratilayotgan ushbu samolyot yangi avlod qanot texnologiyasini sinab ko‘rish uchun mo‘ljallangan.

Uning asosiy xususiyati — juda uzun va ingichka qanotlardir. Bunday konstruksiya havo qarshiligini kamaytiradi va yonilg‘i sarfini 8–10 foizgacha qisqartirishi mumkin. Loyihaning ilk parvozi 2028 yilga rejalashtirilgan.



Heart Aerospace ES-30

Shvetsiyaning Heart Aerospace kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilayotgan ES-30 samolyoti qisqa masofali yo‘nalishlar uchun mo‘ljallangan.

30 nafar yo‘lovchini tashiy oladigan havo kemasi akkumulyatorlar yordamida 200 kilometrgacha, gibrid rejimda esa 800 kilometrgacha parvoz qilishi mumkin. Loyiha 2028 yil atrofida tijoriy ekspluatatsiyaga chiqishi kutilmoqda.

JetZero Z4

Kaliforniyalik JetZero startapi eng g‘ayrioddiy konsepsiyalardan birini ishlab chiqmoqda.

Unda fyuzelyaj va qanotlar bitta yaxlit ko‘taruvchi konstruksiyaga birlashtirilgan. Bu esa havo qarshiligini sezilarli kamaytirib, yonilg‘i sarfini va chiqindilarni 50 foizgacha qisqartirish imkonini beradi. Samolyot taxminan 250 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan.