09:26 / 20.09.2021
2200

Samarqandda 22 yoshli qizni Turkiyaga fohishalik qilish uchun yubormoqchi bo‘lgan yigit ushlandi

Samarqand shahrida 22 yoshli qizni Turkiyaga fohishalik qilish uchun yubormoqchi bo‘lgan yigit qo‘lga olingan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Samarqand viloyati IIB terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish hamda DXX viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda odam savdosi bilan shug‘ullangan Oqdaryo tumani Loyish shaharchasida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan A.A. ushlangan.

Xabarda keltirilishicha, A.A. Turkiyaning Istanbul shahrida yashab kelayotgan onasi, 1973 yilda tug‘ilgan O.R. bilan oldindan jinoiy til biriktirgan. So‘ng 1999 yilda tug‘ilgan M.ni aldov yo‘li bilan, kelgusida fohishalik maqsadida ishlatish uchun Istanbul shahriga yuborishni rejalashtirgan.

Qayd etilishicha, A.A. Samarqand xalqaro aeroporti orqali M.ni Istanbulga jo‘natayotgan vaqtda huquqni himoya qilish organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Ta'kidlanishicha, holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top