Jahon | 11:02 / 21.09.2021
5621
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliya prezidenti koronavirusga qarshi emlanmagani sababli Nyu-Yorkdagi restoranga kiritilmadi

Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru Nyu-Yorkda koronavirusga qarshi emlanganlik haqida ma'lumotnomaga ega bo‘lmagani sababli restoranga kiritilmadi. Shaharga BMT Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun kelgan siyosatchi shu sababli ko‘chada ovqatlanishiga to‘g‘ri kelgan.

Shaharda amal qiluvchi sanitar qoidalarga ko‘ra, umumiy ovqatlanish joylariga emlanmaganlarga kirish taqiqlangan.

Shu sababli an'anaviy brazilcha taomlar tayyorlanuvchi restoran xodimlari Bolsonaru va unga hamrohlik qilgan delegatsiya uchun restoranga kirish joyida stollar o‘rnatib, uning atrofini qora pardalar bilan to‘sib chiqishgan.

“U tashqarida o‘tirdi, chunki emlanmaganlarga ko‘chada ovqatlanishga ruxsat berilgan. Biz u restoranimizda ovqatlana olishi uchun barcha imkoni bor ishni qildik”, deb aytgan restoran boshqaruvchisi Fransisku Kappa.

Uning ta'kidlashicha, Braziliya prezidenti Nyu-Yorkdagi qoidalarni buzishni istamagani uchun restoranga kiritilishini ko‘p ham qistamagan. 

14 sentyabrda Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining 76-sessiyasi o‘z ishini boshladi. 21-27 sentabr kunlari uning oliy darajadagi bosqichi bo‘lib o‘tadi va unda taxminan 110 davlat rahbari, 50dan ko‘proq hukumat rahbari va 20dan ko‘proq tashqi ishlar vaziri ishtirok etishi kutilmoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid