O‘zbekiston | 16:17 / 21.09.2021
2992
3 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva: «2020 yilda tadbirkor ayollar soni 172 mingga yetdi» 

O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi a'zolari Bishkek shahrida rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar berdi.

Tashrif doirasida Oliy Majlis Senati raisi boshchiligidagi delegatsiya “Qirg‘iziston va O‘zbekiston tadbirkor ayollari muloqoti” xalqaro biznes-forumida ishtirok etdi.

Forumni ochar ekan, Senat raisi Tanzila Norboyeva Qirg‘iziston va O‘zbekiston Tadbirkor ayollarining bunday keng formatdagi va ikki mamlakat vakillari delegatsiyalari ishtirokidagi muloqoti ilk bor o‘tkazilayotganini, shuningdek mazkur biznes-forum xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda yangi sahifa ochib berishini ta'kidladi.

— O‘zbekiston  Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotida raislik doirasida ham mintaqaviy, ham ikki tomonlama formatlarda tadbirkor ayollar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga katta ahamiyat beradi, — dedi Tanzila Norboyeva.

Forum davomida tadbirkor ayollar uchun yangi imkoniyat va istiqbollar yaratish, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun iqtisodiyotning muhim yo‘nalishlarida malakalarni mustahkamlash, mamlakat va mintaqaviy darajada tadbirkor ayollarni birlashtirish, ishtirokchi mamlakatlar tadbirkorlari tajribasini namoyish etish hamda o‘tkazish va boshqa masalalarga alohida e'tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani ta'kidlandi. O‘tgan besh yilning o‘zida ikki tomonlama tovar aylanmasi deyarli o‘n barobar o‘sdi va 2020 yil yakuniga ko‘ra 900 mln dollardan ortiqni tashkil etdi.

— O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilmoqda, — dedi Tanzila Norboyeva. — 2020 yilda tadbirkor ayollar soni 172,4 mingga yetdi. Mamlakatning har bir hududida Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda, ularda har yili 30 mingga yaqin ayolga tadbirkorlik, kasb-hunarga qayta tayyorlash va ishga joylashish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatiladi.

Ustav kapitali 96 mln AQSh dollari bo‘lgan yangi tashkil etilgan Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi doirasida tadbirkor ayollarning loyihalarini imtiyozli kreditlash dasturi ishga tushirildi.

Forum Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasida Markaziy Osiyo va Afg‘oniston tadbirkor ayollari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar bajarilishiga ko‘maklashishi ta'kidlandi.

Ishtirokchilarning fikricha, Forum barqaror iqtisodiyot uchun eng yaxshi amaliyot yaratishda tadbirkor ayollar o‘rtasidagi mamlakatlararo va mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun asos bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid