21:40 / 22.09.2021
9175

Aziz Abduhakimov va Sherzod Shermatov avtomobilsiz kun chellenjida ishtirok etdi

Foto: Turizm va sport vazirligi

22 sentabr Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan jahon miqyosida «Avtomobilsiz kun» sifatida belgilangan. Shu kuni avtotransport egalari avtomobil va mototsikllardan foydalanmasdan, sog‘lom turmush tarzini tanlab, reja qilgan manzillariga velosiped yoki piyoda borishga harakat qilishadi. Bu bilan ular ushbu kunda sog‘lom turmush tarziga oshno tutinish barobarida hech bo‘lmasa bir kunga havoni avtomobillardan chiqadigan zaharli gazlardan tozalashga o‘z hissalarini qo‘shishni maqsad qilishadi.

O‘zbekistonda ham bugun ko‘plab yurtdoshlarimiz o‘zlarining shaxsiy avtotransportlaridan foydalanmasdan, piyoda va velosipedda harakatlanib, boshqa harakat ishtirokchilariga ham bir kun avtomobilsiz yurishni, sog‘lom turmush tarzini tanlashni tavsiya qilishmoqda.

Xalqaro avtomobilsiz kun munosabati bilan O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov hamda Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov ishga avtomobilsiz borishdi, Abduhakimov velosipedda harakatlangan bo‘lsa, Shermatov 10 km.ga yaqin masofani piyoda bosib o‘tdi.

Sherzod Shermatov piyoda bosib o‘tgan yo‘lni uning feysbuk sahifasidagi onlayn translatsiyada tomosha qilish mumkin.

Bugun shuningdek, Turizm va sport vazirligi tomonidan #avtomobilsizbirkun chellenji uyushtirildi va unda vazir Aziz Abduhakimov ham ishtirok etdi.

22 sentabr kuni vazirlik binosida turli korxona va tashkilotlar xodimlari, qolaversa turizm va sport mavzularini keng yoritib kelayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari jam bo‘lishdi. Ular O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligida #avtomobilsizbirkun chellenji doirasida vazirlik binosidan boshlab to Ekoparkkacha bo‘lgan masofani velosipedda bosib o‘tishdi. Ular poytaxtning markaziy ko‘chalari bo‘ylab qariyb 6 kilometr masofani bosib o‘tgan holda yurtdoshlar uchun o‘ziga xos namuna vazifasini o‘tab berishdi.

Foto: Turizm va sport vazirligi

«Ma'lumki, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 22 sentabr O‘zbekistonda «Avtomobilsiz kun», deb belgilangan. Biz bu sanani o‘tgan yili ham keng nishonlashga harakat qilganmiz. Bu yil esa «Avtomobilsiz kun» doirasidagi tadbirlarni yanada keng qamrovda tashkil etdik. Xususan, bu yil barcha hududlarni, hattoki xorijdagi diplomatik korpuslarimizni ham ushbu sana munosabati bilan tashkil etilayotgan chellenjlarimizga jalb qildik.

Bizni ommaviy axborot vositalari xodimlari ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan holda #avtomobilsizbirkun chellenjida faol ishtirok etishganligini alohida ta'kidlab o‘tishni istardim. Bu jarayonda ko‘plab vazirlik va idoralar, korxona-tashkilotlarning rahbar xodimlari «shaxsiy namuna» tamoyili asosida o‘z ish joylariga piyoda yoki velosipedda borib, yurtdoshlarimiz uchun namuna ko‘rsatishganligi ham tahsinga loyiq.

Ushbu tadbirimizning ahamiyatli jihatlariga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, avvalo bu ekologiyamizga juda ham ijobiy ta'sirini ko‘rsatadi. Shu bilan birgalikda «Avtomobilsiz kun» aksiyasi aholining alternativ transport vositalaridan foydalanish ko‘nikmasini shakllantirishga yordam beradi. Va eng muhim jihatlardan yana biri, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishda muhim vositalardan biri bo‘lib xizmat qiladi», deydi vazir.

Foto: Turizm va sport vazirligi

Velosayr yakunida chellenj ishtirokchilari Ekopark bo‘ylab piyoda sayr qilishdi va bu orqali xalqimiz orasida piyoda yurish, uning inson salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ham keng targ‘ib qilishdi. 

Top