Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev Xorazm shoirlarini tog‘larga qiyosladi
Prezidentlikka nomzod va amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi. Nomzod Xiva tumanida o‘z saylovoldi dasturi bilan ma'ruza qildi.
“Ilgari Xorazmga kelsam, bir narsaga hayron bo‘lardim. Nega Xorazmda tog‘lar yo‘q, deb o‘ylardim. O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjonning “Quyosh soati” degan ajoyib kitobini o‘qib, bu savolimga javob topganday bo‘ldim.
Atoqli shoirimiz: “Xorazmning buyuk tog‘lari – bu Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Pahlavon Mahmud, Ogahiy, Feruzlardir”, deb yozadi. Men bunga qo‘shimcha qilib, Xorazmning haqiqiy tog‘lari – uning mard va oliyjanob, tanti va mehnatkash xalqi, degan bo‘lardim.
Yaxshi bilasizlar, Xorazm atamasi bilan bog‘liq ko‘plab afsona va rivoyatlarda ushbu voha quyoshli yer, muqaddas, unumdor zamin sifatida ta'riflanadi. Qadimiy Xorazm eli har qanday bosqin, har qanday qiyinchilikni mardona yengib yashagani tarixdan yaxshi ma'lum. Mo‘g‘ullar istilosiga qarshi kurashgan ulug‘ avliyo Najmiddin Kubro, buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi singari shonli ajdodlarimizning jasorati barchamiz uchun ibrat maktabidir.
Bu ko‘hna makonda bundan necha ming yillar oldin davlatchilik va shaharsozlik asoslari, boy madaniyat va sivilizatsiya yaratilgani dunyo ilm-fanida e'tirof etilgan. Muborak zaminimizdan yetishib chiqqan – Muhammad Muso Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ibn Iroq singari 9-12-asrlardagi ilk Uyg‘onish davrining mashhur vakillari bilan barchamiz haqli ravishda faxrlanamiz. Ana shunday buyuk allomalarimizning ulkan xizmatlari bilan Xorazm Ma'mun akademiyasi nafaqat Sharq, balki G‘arb olamida ham dovruq qozongan. Qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning nomini barchamiz yaxshi bilamiz. Lekin, bu ulug‘ allomaning ilmiy faoliyati haqida, afsuski, hammamiz ham yetarlicha ma'lumotga ega emasmiz. Chunki maktabda bizga Pushkinni, Lermontovni o‘rgatishdi, ammo Beruniy bobomizni o‘rgatishmadi. “Kolumbda bor alamim manim” degan satrlar o‘sha murakkab davrlarda bejiz bitilmagan.
O‘zingiz tasavvur qiling, o‘sha olis o‘rta asrlarda Beruniy bobomizning astronomiyaga oid 70 ta, matematikaga oid 20 ta, kartografiyaga oid 4 ta, metrologiya va mineralogiyaga oid 3 tadan, fizika va farmakologiyaga oid 1 tadan, tarix va etnografiya bo‘yicha 15 ta, falsafaga doir 4 ta va adabiyotga doir 18 ta asar yaratgani, har qanday odamni ham hayratga soladi.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston tashabbusi bilan YuNESKO tomonidan 2022–2023 yillarda Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini keng nishonlash bo‘yicha qaror qabul qilinishi kutilmoqda.
Yubiley munosabati bilan Beruniy bobomiz faoliyat ko‘rsatgan Ma'mun akademiyasi samaradorligini yangi bosqichga ko‘tarish, allomaning to‘la asarlar to‘plamini nashr etish, uning hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlab xalqaro konferensiya o‘tkazish kabi muhim ishlarni amalga oshirishimiz kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev tadbir ishtirokchilariga qarata.
Mavzuga oid
08:34
1400 dollar olgan hokim yordamchisi ushlandi
09:15 / 18.06.2026
Elektr tarmoqlariga ulab berish evaziga pul olgan mas’ullar ushlandi
13:14 / 14.06.2026
O‘zbekistonning g‘arbiy hududlaridagi «chigirtkalar bosqini» yuzasidan izoh berildi
16:58 / 22.05.2026