O‘zbekiston | 19:18 / 25.09.2021
1358
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda MIB tomonidan ehtiyojmand oilalar uchun 24,5 milliard so‘m o‘tkazib berilgani ma'lum qilindi

Bugun, 25 sentabr kuni Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi rahbariyati hamda mas'ul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda joriy yilning 8 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot berildi.

Tadbirda ma'lum qilinishicha, joriy yil 8 oy davomida 106866 ta 1 trillion 761 milliard so‘mlik hujjatlarning ijrosi ta'minlanib, 826 milliard so‘m undirilgan.

Shundan soliq qarzdorligi bo‘yicha 685 milliard, jinoiy va ma'muriy jarimalar bo‘yicha 25 milliard, davlatga yetkazilgan zarar bo‘yicha 7,3 milliard va davlat boji bo‘yicha 35 milliard so‘mlik hujjatlar tamomlangan. Davlat foydasiga undirilgan mablag‘ o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 290 milliard so‘mga ko‘p bo‘lgan.

Undirilgan mablag‘larning 24,5 milliard so‘mi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirilgan.

Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi samarali ishlashini ta'minlash maqsadida ish yurituvida bo‘lgan 17 671 ta aliment undirish bilan bog‘liq hamda 1 227 ta moddiy ta'minot undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari yuzasidan bank kartalarini ochishga 15 243 ta so‘rovnoma yuborilishi ta'minlangan va 12500 ta plastik kartalari ochib berilgan.

Shu bilan birga, ijro harakatlari davomida aliment to‘lovchilar o‘rtasida olib borilgan tushuntirish ishlari o‘z samarasini berib, 416 ta oila yarashtirilgan.

Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta'minlashdan bo‘yin tovlaganlarning 341 nafari ma'muriy javobgarlikka, 13 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Davlat ijrosining qonuniy talabini bajarmagan 471 nafar shaxsga nisbatan MJtKning tegishli moddalari bilan ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida ishlar qo‘zg‘atilgan.

Ijro harakatlari davomida ajratilgan kredit mablag‘i yoki garov mulki talon-toroj qilinganligi, mansab vakolati suiiste'mol qilingani va boshqa holatlar yuzasidan 17 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tegishli huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda ijro hujjatlari talablarini bajarishdan bo‘yin tovlayotgan 265 nafar fuqaro va qidiruvdagi 211 ta avtotransport vositalari topilgan.

Qayd etilishicha, viloyat bo‘ylab 10 506 nafar shaxsga xorijga chiqishga taqiq qo‘yilgan. Ulardan 9 641 nafarini alimentdan qarz bo‘lgan shaxslar tashkil etadi.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid