O‘zbekiston | 13:00 / 27.09.2021
6643
4 daqiqa o‘qiladi

«2-3 yil mahallada ishlab, o‘zini ko‘rsatganlarini kelgusida hokim va vazir lavozimiga qo‘yamiz» - Shavkat Mirziyoyev

Namangan viloyati rivojini yangi yuqori taraqqiyot bosqichiga olib chiqish va aholi hayotini yaxshilash bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev saylovchilar bilan uchrashuvda ma'lum qildi.

“Namanganning yetakchi tarmoqlarida sanoat klasterlari tashkil etish, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasini rivojlantirish orqali 400 mingta yangi ish o‘rni yaratilib, aholi daromadini kamida 2 baravarga oshirish va kambag‘allikni ham 2 baravarga  qisqartirish ustuvor vazifa bo‘ladi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 4,6 trillion so‘m kredit ajratish hisobiga 164 ming yangi ish o‘rinlari yaratiladi. 

Masalan, Uychi tumanini “ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirishga to‘xtalib o‘tsam. Ayni paytda tumanda 13 ming nafar mehnatga layoqatli aholi ish bilan ta'minlanmagan, 12 ming oila ijtimoiy yordamga muhtoj. Shuningdek, har yili mehnat bozoriga 1 ming 700 nafar yoshlar kirib keladi. Tumandagi mavjud 56 ta mahallaning 11 tasi “qizil” va 25 tasi “sariq” mahalla toifasiga kiradi. 

Bundan buyon quyi bo‘g‘inda ijroni tashkil etish uchun, tumandagi mahallalarga biriktiriladigan “hokim yordamchilari” lavozimlari joriy etiladi. Ular mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish joylarni yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib boradi. Ushbu yordamchilar mahalladagi oilaviy tadbirkorlik doirasida kreditlarni berish, tadbirkorlar loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadilar. Ular tomorqa, bo‘sh yer va binolardan samarali foydalanishni ham tashkil etadilar. Ularning o‘z “budjeti” bo‘lib, ehtiyojmand oilalarga subsidiyalar ajratish, jamoat ishlariga jalb qilish, yoshlarni kasbga o‘qitish hamda aholi bilan “ijtimoiy shartnoma” tuzish huquqi beriladi.

Hokim yordamchilari iqtisodiyot va investitsiya idoralari, hokimiyatda ishlaydigan g‘ayratli yoshlar orasidan tanlanadi. Lavozimga qo‘yishdan oldin, ular 2 oy davomida yangi tizim asosida ishlashga o‘qitiladi va ishiga qarab, yaxshi oylik to‘lanadi. 2-3 yil mahallada ishlab, o‘zini ko‘rsatganlarini, kelgusida hokim va vazir lavozimlariga qo‘yamiz.

Avvalambor, tumanda umumiy qiymati 5 trillion so‘m bo‘lgan 658 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish hisobiga 9 mingta ish o‘rinlari tashkil etiladi. Jumladan, tumanda 6 ta yangi kichik sanoat zonasi, shundan 2 tasi yoshlar tadbirkorligi zonasi tashkil etish orqali – 3 mingta; mavjud korxonalar faoliyatini kengaytirish hisobiga – 6 mingta; qishloq xo‘jaligida – 5 ming 800 ta, jumladan paxta va g‘alladan qisqargan yerlarni aholiga berish orqali – 3,2 mingta; 160 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 42 ta yo‘l bo‘yi servis obektini qurish, Uychi dehqon bozorini zamonaviy savdo kompleksiga aylantirish orqali – 2,5 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi. 

Hokim yordamchilariga amaliy yordam berish maqsadida, iqtisodiy idoralar va tijorat banklari rahbarlari biriktiriladi. Shu bilan birga, tumanda faoliyat yuritayotgan Xalq banki, Mikrokredit va Agrobank rahbar va xodimlari “pastga tushib”, tadbirkorlar va o‘z mijozlari bilan yangi loyihalar ustida “mahallabay” ish olib boradilar”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid