O‘zbekiston | 12:28 / 27.09.2021
7628
2 daqiqa o‘qiladi

Kemerovoda Usmon Nosir dafn etilgan maskanda yodgorlik o‘rnatiladi - Shavkat Mirziyoyev 

Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini munosib nishonlash maqsadida prezident qarori loyihasi tayyorlanmoqda. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida saylovchilar bilan uchrashuvda ma'lum qildi. 

“Namangandan yetishib chiqqan yorqin iste'dod egalari haqida gapirganda, adabiyotimizga chaqmoqdek kirib kelgan otashin shoir Usmon Nosir siymosi ham ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi.

G‘oyat qisqa – bor-yo‘g‘i o‘n yillik ijodiy faoliyati davomida shoirning 5 ta she'riy kitobi, 2 ta dostoni va bir qator dramatik asarlari nashr etilgani, dramalari sahnaga qo‘yilgani, uning Pushkin, Lermontovning mashhur dostonlarini o‘zbek tiliga ulkan mahorat bilan tarjima qilgani sizlarga ma'lum, albatta.  

Usmon Nosir ayni ijodiy kuch-quvvatga to‘lgan 25 yoshida qamalib, qatag‘on qilindi. Chunki mustabid tuzum bunday millatparvar, vatanparvar insonlarni o‘zining eng ashaddiy dushmani, deb hisoblar edi. Shuning uchun ham shoir umrini qamoqxonalarda azob-uqubatda o‘tkazib, 1944 yili 32 yoshida vafot etadi.   

Usmon Nosir bir she'rida: “Bargdek uzilib ketsam, unutmas meni bog‘im”, deb yozgan edi. Albatta, u “bog‘” deganda, jonajon vatanini, bag‘rikeng xalqimizni nazarda tutganini anglash qiyin emas.  

Kelgusi yili yurtimizda Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini munosib nishonlash maqsadida prezident qarori loyihasi tayyorlanmoqda. Shu munosabat bilan Usmon Nosirning hayoti va ijodini yanada kengroq o‘rganish, asarlarini nashr qilish, jumladan, poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida haykalini hamda Rossiyaning Kemerovo o‘lkasidagi shoir dafn etilgan maskanda yodgorlik o‘rnatish ko‘zda tutilmoqda”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid