O‘zbekiston | 21:22 / 27.09.2021
3292
3 daqiqa o‘qiladi

«Vaqf» fondi faoliyati davomida diniy ta'lim uchun 10 milliard so‘mga yaqin xayriya mablag‘larini yo‘naltirdi

 «Vaqf» fondi o‘z faoliyatini boshlagan 2018 yildan boshlab bugunga qadar 10 milliard so‘mga yaqin mablag‘ni diniy ta'lim sohasiga xayriya sifatida yo‘naltirgan. Bu haqda bugun, 27 sentabr kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda «Vaqf» xayriya jamoat fondi axborot xizmati rahbari Saidabror Umarov ma'lum qildi.

Ushbu mablag‘lar O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi 3 ta oliy: Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi va Hadis ilmi maktabi hamda 10 ta o‘rta maxsus Islom bilim yurtlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun sarflangan.

Xususan, 2018 yilda 723 million so‘mdan ortiq, 2019 yilda 2 milliard 222 million so‘m, 2020 yilda 1 milliard 410 million so‘m, 2021 yilda 2 milliard 272 million so‘m xayriya mablag‘lari ajratilgan.

Shuningdek, pandemiya davrida hukumat tomonidan fondga ajratilgan xayriya mablag‘lari hisobidan 3 milliard 133 million so‘m diniy ta'lim muassasalariga xayriya sifatida yo‘naltirildi. Fond tomonidan ushbu xayrli ishlarni amalga oshirishda Saudiya Arabistoni, Germaniya va Turkiya kabi xorijiy hamkorlar ham salmoqli hissa qo‘shgan.

Umumiy hisobda fond o‘z faoliyatini boshlagandan bugunga qadar jami 9 762 663 247 so‘m diniy ta'lim sohasiga xayriya sifatida yo‘naltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda 2021 yilning birinchi yarmida «Vaqf» xayriya jamoat fondiga xayriya, zakot, vaqf mulklari, ziyoratgohlar, diniy tashkilotlar va aksiyalar orqali 21 milliard 315 million so‘mdan ortiqroq mablag‘lar kelib tushgani ma'lum qilingan edi.

2018 yil 16 aprelda prezident farmoni asosida tashkil etilgan «Vaqf» fondining asosiy vazifalaridan biri diniy ta'lim muassasalarining binolarini qurish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda diniy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.

 

Mavzuga oid