Jamiyat | 12:28 / 09.07.2021
5532
4 daqiqa o‘qiladi

«Vaqf» fondiga 2021 yilning birinchi yarmida 21 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ kelib tushdi

2021 yil 1 yanvardan 30 iyun sanasiga qadar «Vaqf» xayriya jamoat fondiga xayriya, zakot, vaqf mulklari, ziyoratgohlar, diniy tashkilotlar va aksiyalar orqali 21 milliard 315 million so‘mdan ortiqroq mablag‘lar kelib tushgan. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshirilgan xayriya tadbirlari» mavzusidagi brifingda ma'lum qilindi.

Fond hisob raqamlaridan o‘tgan 6 oy davomida 17 milliard 395 million so‘m, homiylar va hamkor tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan moddiy ko‘rinishdagi ehsonlar bilan qo‘shib hisoblaganda jami 21 milliard 403 million so‘m sarflangan.

Jumladan xayriya ishlari doirasida:

  • Diniy ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish uchun – 1 milliard 80 million so‘m;
  • Diniy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun –347 million so‘m;
  • Diniy ta'lim muassasalari o‘quvchi-talabalar kontrakti uchun –840 million so‘m;
  • Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar talaba farzandlarini qo‘llab-quvvatlash uchun– 15 million so‘m;
  • Sirdaryo viloyatidagi «Yusuf» masjidi qayta qurilishi uchun –313 million so‘m;
  • Masjidlar va ziyoratgohlar xodimlarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun – 69 million so‘m;
  • Uylari yong‘indan talafot ko‘rgan fuqarolarga moddiy yordam uchun – 90 million so‘m;
  • Nochor, ko‘makka muhtoj fuqarolarga turli moddiy ko‘rinishda berilgan yordamlar uchun – 6 milliard 139 million so‘m;
  • Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan imkoniyati cheklangan, nogironligi bor bo‘lgan shaxslarni moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun – 1 milliard 628 million so‘m;
  • Turli xayriya tadbirlari uchun– 386 million so‘m;
  • Viloyat vakilliklari tomonidan berilgan arizalarga ko‘ra – 383 million so‘m;
  • Jami – 11 milliard 293 million so‘m faqatgina xayriya yo‘nalishini uchun sarflangan bo‘lib, bu fondning o‘tgan yil shu davrda qilingan xayriya ishlari mablag‘lariga nisbatan 5 milliard so‘mga ko‘proq hisoblanadi.

Bundan tashqari masjidlar va fond tasarrufidagi ziyoratgohlarning ma'muriy xarajatlari, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hamda obodonlashtirish uchun 10 milliard 110 million so‘m yo‘naltirilgan.

Shuningdek, joriy yil mart oyida Qoraqalpog‘istondagi ichimlik suviga muhtoj chekka tuman, qishloq va ovullarida toza ichimlik suvi artezian va quduqlari qazib chiqarilmoqda. Ramazon oyida hamkor tashkilotlar va homiylar bilan O‘zbekistonning barcha hududlarida ijtimoiy ko‘makka muhtoj aholiga oziq-ovqat mahsulotlari xayriya sifatida tarqatildi.

Shuningdek, «Vaqf» fondi o‘z faoliyatini takomillashtirish borasidagi takliflarni mamnuniyat bilan qabul qilishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, «Vaqf» xayriya jamoat fondi 2018 yil 16 aprel kuni «Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni asosida tashkil etilgan.

Fondning asosiy maqsadi hamyurtlarimizdagi saxovatlilik tuyg‘ularini oshirishga ko‘maklashish, diniy-ma'rifiy sohaga yordam berish, masjid, madrasa va ziyoratgohlarimizni obod qilish, imom-xatib, noiblar, mudarrislar va talabalarga moddiy-ma'naviy ko‘mak berishdan iborat.

Mavzuga oid