Kun.uz prezidentlikka nomzod siyosatchilar bilan saylovchilarni qiziqtirgan qator masalalar bo‘yicha intervyular uyushtirmoqda. Turkum doirasida birinchi mehmonimiz – «Adolat» SDPdan prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov bo‘ldi.

— Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov bugungi O‘zbekistonning qiyofasini qanday tasavvur qiladi? Shuningdek, uning qaysi jihatlarini jiddiy o‘zgarishlarga muhtoj deb hisoblaydi?

— O‘zbekiston keyingi yillarda, xususan, oxirgi 5 yilda tubdan o‘zgardi. Sovet davri, mustaqillikning ilk yillari va so‘nggi 5 yillikda yashagan kishi sifatida davrlarni o‘zaro taqqoslash imkoniyatiga egaman.

Avvallari dunyo hamjamiyati O‘zbekistonni islohotlarni xohlamaydigan, sekin harakat qiladigan va islohotlardan qochadigan davlat sifatida bilardi. Keyingi davrlarda esa O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo, balki dunyo miqyosida ham islohotlar bo‘yicha lider mamlakatlardan biriga aylandi.

— Savolning ikkinchi qismi bo‘yicha ham javob bersangiz, chunki agar hammasi yaxshi ketayotgan bo‘lsa, sizning prezidentlikka nomzodingizni qo‘yishingizning ham keragi bo‘lmasdi.

— O‘zbekiston hozir ma'lum darajaga yetib keldi, lekin bundan buyog‘iga yangi bosqich boshlanishi kerak. Shu nuqtayi nazardan erishganlarimiz o‘zimiz bilan birga, ayni vaqtda yangi davr boshlanyapti. Bizda deyarli barcha sohalarda qiladigan ishlarimiz yetarli. Bu iqtisodiy, ijtimoiy, qishloq xo‘jaligi yoki ekologik yo‘nalishdagi muammolar.

— Bahrom aka, hozir mutlaq ko‘pchilik O‘zbekiston prezidenti saylovining muqarrar g‘olibi sifatida bir shaxs – Shavkat Mirziyoyevni e'tirof etyapti. Ya'ni saylovlarda ayni bir nomzoddan boshqasiga ishonilayotgani yo‘q.

Saylovlarga bunday munosabatning sabablari nimalarda deb o‘ylaysiz?

— Shak-shubha yo‘qki, Mirziyoyev yangi O‘zbekistonni qurishda asosiy islohotchi bo‘ldi. Prezident va inson sifatida nihoyatda salohiyatli. Buni yaxshi tushunaman. Xalqning unga munosabati ham tabiiy. Lekin shu bilan birga partiyamiz ham saylovlarga xalqimizni ko‘pdan buyon qiynab kelayotgan muammolarni yechish bo‘yicha takliflari, yangi g‘oyalari bilan chiqadi. Agar ular amalga oshirilsa, O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga chiqishi mumkin.