O‘zbekiston | 11:34 / 29.09.2021
3563
2 daqiqa o‘qiladi

Advokat bo‘lish uchun ikki yillik yuridik staj talabini bekor qiluvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi

Deputatlar advokat bo‘lish uchun ikki yillik yuridik staj talabini bekor qiluvchi hamda advokatga haq to‘lanadigan boshqa faoliyat turi bilan shug‘ullanishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda Qonunchilik palatasi ma'lum qilmoqda.

28 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan Advokatlar palatasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan seminarda advokaturaning nufuzini va jozibadorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirishlar muhokama qilindi.

Ma'lum qilinishicha, Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan advokatlik faoliyatining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda:

  • advokat mustaqilligiga ta'sir etmaydigan, manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqarmaydigan haq to‘lanadigan boshqa faoliyat turi bilan shug‘ullanishiga bo‘lgan cheklovni olib tashlash;
  • advokat bo‘lish istagini bildirgan shaxslar uchun yuridik mutaxassislik bo‘yicha ikki yillik ish stajiga ega bo‘lishi talabini bekor qilish;
  • advokaturaning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish;
  • advokatlik tuzilmalarini ro‘yxatga olish, qayta tashkil etish va tugatish taomillarini “yagona darcha” tartibida Davlat xizmatlari markazi orqali hisobga olish taklif etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida O‘zbekistonda advokatlar yetishmasligi sababli sohaga yosh kadrlarni jalb qilish maqsadida yuridik stajga oid talab bekor qilinishini bildirgandi.

Аббос Салайдинов
Tayyorlagan Аббос Салайдинов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid