Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Advokat bo‘lish uchun yuridik staj talabi bekor qilinadi
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi qurultoyida ishtirok etgan Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda advokatlar kamligi masalasiga to‘xtaldi va muammoni hal qilish bo‘yicha o‘z tashabbusini bildirdi.
«Yana bir masala – mamlakatimizda advokatlar sonining yetishmasligi bilan bog‘liq.
Shuning uchun, sohaga yosh kadrlarni jalb qilish maqsadida yuridik staj haqidagi talab bekor qilinib, oliy yuridik ma'lumotli shaxslarga 3 oylik stajirovkadan keyin advokatlik imtihonini topshirish imkoniyati yaratiladi», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, advokat bo‘lishga talabgor shaxs litsenziya olish uchun yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida 2 yillik ish stajiga ega bo‘lishi lozim. Shu jumladan, advokatlik tuzilmasida (advokatlik byurosida, advokatlik firmasida, advokatlar hay'atida, yuridik maslahatxonada) kamida uch oy muddat stajirovka o‘tagan bo‘lishi kerak.
Avvalroq, advokat Razzoq Altiyev Kun.uz’ga bergan intervyusida O‘zbekistonda advokatlar kamligi va soha nufuzining pastligiga sabablardan biri sifatida 2 yillik staj talabini ko‘rsatgandi.
“Universitetda dars berish jarayonida ko‘plab talabalarda advokat bo‘lib ishlashga ishtiyoq ko‘raman. Qaniydi, ruxsat berilsa-yu, ular to‘g‘ri borib imtihon topshirib, litsenziya olib advokatlik qilishsa. Lekin bizda advokat bo‘lish uchun qo‘yiladigan talablarda ham ma'lum cheklovlar mavjud.
Masalan, kamida 2 yillik yuridik stajga ega shaxs 3 oy davomida advokat stajyeri sifatida stajirovka o‘tagandan so‘ng advokat maqomiga talabgor bo‘ladi.
Statistik ma'lumotlarga qarasak, respublika bo‘yicha bitta advokat 8600 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatishiga to‘g‘ri keladi. Agar bu ma'lumotni ayrim viloyatlar kesimida ko‘rsak, bu raqam, masalan, Surxondaryoda 20 ming nafar fuqaroga bitta advokatni tashkil etmoqda. Vaziyat shunchalik darajada ayanchli.
Ayni vaziyat advokaturani rivojlantirish va advokatlik kasbiga jalb qilishning jozibali elementlarini ishlab chiqishni tavsiya etmoqda. Masalan, 2 yillik yuridik staj talabi olib tashlansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi”, degandi u.
Mavzuga oid
07:51 / 02.04.2026
Toshkent viloyatida advokat 10 ming dollar bilan ushlandi
11:04 / 07.01.2026
Advokatlar soni 2000 nafarga oshirilishi rejalashtirilmoqda
08:20 / 22.12.2025
Toshkentda advokat 2 ming dollar olayotganda ushlandi
08:50 / 18.12.2025