Abduqodir Toshqulov xorijdan va ichki tartibda o‘qishni ko‘chirishlar ortidan duch kelinayotgan muammolar haqida gapirdi
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov Xalqaro press-klub sessiyasida talabalar o‘qishini ko‘chirish tartibi va jumladan, xorijdan va ichki tartibda o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha duch kelinayotgan muammolarga to‘xtalib o‘tdi.
«Men talabalar o‘qishini ko‘chirish masalasida ham ma'lumot berishim kerak. Talabalar ham bunga juda qiziqadi. Bu yo‘nalishda muammolarimiz juda ko‘p edi.
O‘qishni ko‘chirish masalasida noqulay holatlardan biri shunda bo‘ldiki, mahalliy OTMlarga kirishda shaffof tizim ishlaganidan keyin ayrimlar o‘qishga kiritishning korrupsion va innovatsion yo‘llarini ham o‘ylab topdi. Ochiq aytaman, bu yo‘lda hatto rasmiy firmalar ham paydo bo‘ldi. Ular ota-onalarni farzandingizni chetga o‘qishga yuboramiz va bir yildan keyin uni ikkinchi kursdan o‘qish boshlashini kafolatlaymiz, deya ishontirdi.
Ayrim firmalar borki, ular 20-30 ball olgan abituriyentlarni ham qo‘shni davlatlarga pul bilan o‘qishga kiritavergan. Bunda farzandlarimiz asosan masofaviy va sirtqi talimga yuborilgan. Umuman o‘qishga bormaganlari ham bor. Lekin ular uchun bir yildan keyin Oliy ta'lim vazirligi orqali o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha onlayn imtihon bo‘lavergan. Xo‘sh, natija nima bo‘ldi? Ularning kelishi bilan shusiz ham yaxshi bo‘lmagan ta'lim sifatimiz yanada tushib ketdi», – dedi vazir.
Unga ko‘ra, shu kabi holatlarga chek qo‘yish uchun yangi o‘quv yilidan imtihonlar davlat test markaziga o‘tkazib berilgan. Bu yangi tizim bo‘lgani uchun o‘tish balli juda past – 66.1 ball qilib belgilangan.
«Men bugun xalqimizga murojaat qilmoqchimanki, ta'limda yumshoqlik ketmaydi. Biz hozirdan hujjatlarni imzolaymizki, kelasi yildan, deylik, bu yil sohalar bo‘yicha ta'lim yo‘nalishida o‘tish balli qancha bo‘lgan bo‘lsa, kelasi yil xorijdan o‘qishini ko‘chirib keladiganlarga ham shu ball talabi bo‘ladi. Buni hozirdan aytyapman.
Bu kimnidir ko‘kragidan itarish emas, aldanmaslik kerak. Oliy ta'limga kirishda turli qing‘ir yo‘llarni izlash kerak emas», – dedi Toshqulov.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, tizimda yana bir muammoli holatlardan biri — xorijdan va mamlakat ichidan o‘qishni ko‘chirayotganlar uchun moddiy va boshqa imkoniyatlar yetishmasligi masalasi hamon saqlanib turibdi.
«Bu yil O‘zbekistonga o‘qishini ko‘chirish maqsadida hujjat topshirganlar soni soni 98 ming nafardan oshdi. Ulardan 95 ming nafari testga kirdi. Bunda Qirg‘izistondan 45 ming, Qozog‘istondan 25 ming, Tojikistondan 14 ming nafar yoshlarimiz bizga hujjat topshirgan. Boshqa davlatlardan ham bor.
E'tibor bering, bu yil ballni past qilib belgiladik dedim. Lekin shunda ham 95 mingdan bor-yo‘g‘i 30 foiz – 27 ming atrofidagi talaba imtihonlardan o‘ta oldi.
Endi shuncha talaba kelganda ham bu bizga qo‘shimcha yuk bo‘ladi. Chunki qabul shundoq ham ko‘p. Unga yotoqxona, o‘quv korpuslari va o‘qituvchilar kerak. Shuning uchun biz ularni kechki va sirtqiga o‘tkazishga majbur bo‘lyapmiz. Bizda bu yo‘nalishda ham muammolar chiqyapti», – ta'kidladi Abduqodir Toshqulov.
Oliy ta'lim vazirning ta'kidlashicha, tizimda bunga qo‘shimcha yana bir muammo — o‘qishini mamlakat ichida ham o‘zgartirmoqchi bo‘lgan va hujjat topshirgan 60 mingdan ortiq talaba masalasi yuzaga chiqqan.
«Agar biz yuqoridagi va mana shu raqamni qo‘shsak, joriy yilga belgilangan kvota soni bilan teng bo‘ladi. Ya'ni yangi o‘quv yilida o‘qishga qabul bo‘yicha davlat belgilagan kvotalar 170 ming bo‘lsa, o‘qishni ko‘chirishga yana 160 ming hujjat topshirildi.
Bu muammoni yechishda ayrimlar xorijda bo‘lgani kabi akadem mobillik haqida gapiradi.
Bu shunday tizimki, talaba Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kirdimi, 1 semestr yoki 1 o‘quv yili Toshkentda o‘qishi mumkin, lekin diplomni baribir Samarqanddan oladi.
Afsuski, shu sharoitda yana 25 ming talaba o‘z hududidagi OTMlarga o‘qishini ko‘chirib keldi. Biz buning ham tartiblarini o‘ylab ko‘ramiz. Nega? Chunki Toshkentga o‘qishini ko‘chirish uchun Toshkent propiskasiga kirishning egri yo‘llari juda ko‘payib ketdi.
Shuning uchun kelasi yildan ichki tartibda o‘qishni ko‘chirish ham optimallashtiriladi.
Fikrimcha, talaba o‘qishga kirishda o‘z yo‘nalishini tanlar ekan, kasbiga muhabbat, mehr va sadoqat bilan yondashishi kerak. Afsuski, bizda 70 foiz holatda qaysi o‘qishning kirish balli past degan tushuncha bor», – deya vazir Abduqodir Toshqulov so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
17:27 / 12.08.2024
O‘qishni ko‘chirish testlarida qatnashishga 44 mingga yaqin talabgorga ruxsat berildi
23:35 / 13.07.2024
O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tish ballari tasdiqlandi
16:34 / 01.11.2023
Abduqodir Toshqulov Termiz davlat universitetiga rektor bo‘ldi
17:05 / 31.10.2023