Tabassum bilan qamoqxonaga. Saakashvili qo‘lga olindi, u 6 yilga qamalishi mumkin
Gruziya sobiq prezidenti Mixail Saakashvili o‘z mamlakatida qidiruvga berilgani va qo‘lga olinishi aniq bo‘lishiga qaramay, vataniga qaytdi. Hukumat sobiq prezident mamlakatga kelganini rad etib turgandi va birdan uning qo‘lga olingani e'lon qilindi.
Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvilining aytishicha, sobiq prezident «oliy darajadagi» operatsiya natijasida qo‘lga olingan. Uning aytishicha, Saakashvilining Ukrainadan boshlab qaysi yo‘nalishda harakatlanishi Gruziya maxsus kuchlari nazoratida bo‘lgan va ular yetarlicha ma'lumotlar asosida harakat rejasini ishlab chiqqan.
8 yil davomida vatanidan olisda bo‘lgan Saakashvili 1 oktyabr tongida o‘zining feysbukdagi sahifasida video joylab, ayni damda Batumida ekanini aytdi. Bu videoga ishonmaganlar ham bo‘ldi. Masalan, mamlakatdagi hukmron partiya hisoblangan «Gruziya orzusi» partiyasi raisi Irakliy Kobaxidze Saakashvilini masxaraboz deb atadi va u joylagan video boshqa mamlakatda suratga olinganini iddao qildi.
Gruzin reformatorini masxaraboz deb ataganlar yana topiladi. Kreml rasmiy pozitsiyasini bildiruvchi Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Saakashvili Gruziyaga borgani haqidagi savolga shunday javob berdi: «Saakashvili bor joyda albatta sirk bo‘ladi». Rus OAVsi Saakashvilini qora bo‘yoqda ko‘rsatishda davom etmoqda. Masalan, u joylagan video haqiqiy emasligi haqida ekspert xulosalari ham e'lon qilindi.
«Bu go‘zallikni siz uchun qurganman, sayyohlar uchun emas»
Saakashvili tarafdorlariga murojaatini aynan Batumidan amalga oshirdi: «Salom qadrdonlarim. Sizlarga mening g‘ururim bo‘lgan Batumidan salom yo‘llayapman. Men bu yerga hayotimni tavakkalga qo‘yib keldim. Umidlarim katta, ishonchim komil, Gruziyaning imkoniyatlari keng. Bu go‘zallikni xorijiy sayyohlar uchun emas, siz uchun qurganman. Ovoz berishdan keyin Rustaveli prospektida yig‘ilamiz. Mustaqillik maydoni biz bilan to‘la bo‘lishi kerak. Biz katta kuch bo‘lamiz va men sizlarga qo‘shilaman», degandi Gruziya sobiq prezidenti o‘z murojaatida.
Saakashvili Kiyevdan Tbilisiga samolyotda uchishi va 2 oktyabr kuni Gruziya poytaxtida bo‘lishi haqida 27 sentyabr kuni ma'lum qilgandi. Biroq u avval Batumida ko‘rinish berganiga qaraganda mamlakatga dengiz yo‘li orqali kelgan bo‘lishi ham mumkin. Qizig‘i, Gruziya ichki ishlar vazirligi Saakashvili mamlakatga kirganini rad qilish asnosida bu borada Ukrainadan ham ishonchli ma'lum olinganini e'lon qilgandi: «Bizda Ukrainadan ham u mamlakatni tark etmagani haqida ishonchli ma'lumot bor», degandi Gruziya IIV vakili «Interfaks» muxbiri bilan suhbatda.
Saakashvili nega qaytdi?
Uzoq yillardan buyon Ukrainada bo‘lib turgan va Odessa gubernatori lavozimida ham ishlagan Saakashvili sobiq prezident Poroshenko bilan kelisha olmay, ishsiz qolgandi. Ammo o‘zi kabi islohotchi o‘laroq hukumat tepasiga kelgan Vladimir Zelenskiy uni yana hukumatga qaytardi. Saakashvili Ukrainada Milliy islohotlar kengashi ijroiya qo‘mitasining rahbari bo‘lib ishlayotgandi. U vataniga 2 oktyabr kuni o‘tajak saylovlar natijasini himoya qilish uchun qaytishini aytgan. Siyosatchi ovoz berish natijalari tugagach, Tbilisiga tomon piyoda marsh o‘tkazishni rejalashtirgan va shu orqali odamlarni saylov natijalarini himoya qilishga undagan.
Avvalroq Saakashvili mamlakatga qaytishi bilan qamoqqa olinishi e'lon qilingandi. 8 yildan buyon mamlakatdan tashqarida bo‘lgan sobiq prezident Gruziyada qidiruvda ham bo‘lgan. Mahalliy nashrlar uning qo‘lga olinishi tasvirlangan kadrlarni namoyish qildi. Oq sviterdagi Saakashvili ikki politsiya zobiti hamrohligida tabassum bilan qamoqxonaga kirib ketgan. Atrofda ko‘plab jurnalistlar bo‘lgan va kadrlardan ularning faoliyatiga hech kim qarshilik qilmyotgani ko‘rinadi.
Saakashvili mamlakatga qaytishi fonida Gruziyada sarosima boshlandi. Batumiga zirhli texnikalar yuborilgani tasvirlangan videolar talqaldi. Shuningdek, Saakashvili tarafdorlaridan uni qo‘lga olishlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun davor bo‘lib harakatlanishlarini so‘ragani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Siyosatchi qo‘lga olingach esa u haqidagi xabarlar yanada ko‘paydi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Saakashvili qo‘lga olinganidan xavotirda ekanini ma'lum qildi. Uning vakili Ukraina bu borada Gruziyaga murajaat qilishini ham aytdi. Keyinroq Ukrainadagi Gruziya elchisi Saakashvilining qo‘lga olinganini rasman tasdiqlashi uchun Ukraina tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi.
Saakashvili aftidan qo‘lga olinishini bilgan ko‘rinadi. Uning qo‘lga olinishidan hech qancha o‘tmay Facebook'dagi sahifasida ikkita videomurojaat chiqdi. Ulardan birida siyosatchi ukrainalik deputat Yelizaveta Yasko bilan birga ekanini va u bilan yangi hayot, yangi oila qurishini ma'lum qilgan. Postda video Saakashvilining qo‘lga olinishi munosabati bilan joylangani aytilgan.
Gruziya prokuraturasi Saakashvili kamida 6 yil qamoq jazosi olishini ma'lum qildi. Mamlakat prezidenti esa Saakashvili kechirilmasligini aytdi. Bu vaqtda AQSh Gruziya hukumati Saakashviliga nisbatan qonun doirasida harakat qilishidan umidvor ekanini bildirdi.
Mavzuga oid
11:45 / 06.10.2024
“Atirgul inqilobi”dan hibsxonagacha – Mixail Saakashvili kim edi?
12:21 / 14.08.2024
Gurjistonda sobiq prezident 2008 yilgi urushda ayblandi
22:38 / 06.08.2024
Gruziya parlamenti spikeri Saakashvili afv etilishi mumkinligini aytdi
08:00 / 24.05.2024