19:00 / 09.10.2021
4824

«2021 yilning 9 oyida 1 mln 100 ming tonna meva-sabzavotchilik mahsulotlari eksport qilindi» – vazirlik

Bu haqda 7 oktabr kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligining so‘nggi 5 yillik faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

«Bu yil respublikada har bir gektar maydondan o‘rtacha 64 sentnerdan hosil olinib, 6,5 mln tonnadan ortiq g‘alla xirmoni ko‘tarildi. Hozir bizda g‘allani boshqa davlatlarga eksport qilish imkoniyati ham mavjud.

Bundan tashqari, meva va sabzavot mahsulotlarining eksporti ham yildan yilga oshib boryapti.

Sarhisob qiladigan bo‘lsak, shu yilning o‘tgan davrida 1 mln 100 ming tonnadan ortiq meva sabzavotni 650 mln dollarga eksport qilishga erishdik. Bunda 84 xildan ortiq meva-sabzavotlarimiz 70 dan ortiq davlatga chiqarilyapti. Bu albatta dehqon va fermerlarimizning katta mehnati natijasi.

Mustaqillikning ilk yillarida biz har bir bog‘dan 50-60 sentnerdan hosil olardik, hozir esa 500 sentnerdan ham hosil olyapmiz. Bu sohada ilm-fan bilan bog‘liqlik natijasi», – dedi vazirlik boshqarma boshlig‘i Zafar Ortiqov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda shu yil 90 ming gektar yangi bog‘lar va 80 mingdan ortiq uzumzorlar tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lgan.

«Hozirga kelib biz 65 ming gektar bog‘ va 34 ming gektar tokzorlar barpo qilishga erishdik.

Bizda uzumchilik bo‘yicha ham yaxshi natijalarga erishilyapti. Masalan, xonadon va fermer xo‘jaliklarida 1 gektar yerdan 100 tonnagacha uzum hosili olindi. Bu dunyoda yo‘q hosildorlik», – Zafar Ortiqov so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top