14:09 / 09.10.2021
4071

“Pandemiya sabab hayot tarzining o‘zgarishi bolalarda ruhiy muammolarni ko‘paytirmoqda” - YUNISEF vakili

Koronavirus pandemiyasi bolalar ruhiyati va kelajagiga salbiy ta'sir qilishi mumkin. Bu haqda YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Joffri Ijumba ma'lum qildi.

Foto: Uzreport.Tv Videodan kadr

8 oktabr kuni AOKAda YUNISEF, Oliy Majlis Senati, Sog‘liqni saqlash va Xalq ta'limi vazirliklari mutasaddilari ishtirokida “Dunyoda bolalar vaziyati – 2021: bolalar ruhiy salomatligini mustahkamlash, himoya qilish va saqlash” hisobotiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Hisobotga ko‘ra, dunyo miqyosida sog‘liqni saqlash sohasiga yo‘naltirilgan moliyaviy mablag‘larning taxminan ikki foizi ruhiy salomatlik sohasiga ajratiladi. Hukumatlar ushbu muhim ehtiyojlarni qondirish uchun juda oz miqdorda mablag‘ sarflashadi va shu sabab ruhiy salomatlikni himoya qilish sohasidagi ehtiyojlar va moliyalashtirish o‘rtasida sezilarli bo‘shliq saqlanib qolmoqda.

YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Joffri Ijumba pandemiyaning bolalar ruhiy salomatligi va kelajagiga salbiy ta'siri haqida gapirdi.

“Pandemiya sababli dunyoda 1,6 milliard bola ta'lim olish imkoniyatini boy bermoqda, bu esa kelgusida bolalarning ruhiy salomatligiga salbiy ta'sir etishi mumkin. Agar biz bugun zarur choralarni ko‘rmasak, bolalar ruhiy salomatligi va farovonligiga yetarlicha e'tibor bermasdan sarmoya kiritmasak, ushbu masalani ilgari surish va ruhiy salomatlik muammolarining oldini olishni diqqat markaziga qo‘ymasak, butun dunyodagi yoshlarning hayotini o‘zgartirish imkoniyati qo‘ldan boy beriladi”, dedi YuNISEF vakili.

Ta'kidlanishicha, COVID-19 pandemiyasi davrida doimiy hayot tarzi, ta'lim olish, hordiq chiqarish odatlarining buzilishi, shuningdek, oilaning farovonligi va sog‘lig‘i haqida qayg‘urish ko‘plab yoshlarda qo‘rquv, g‘azab va o‘z kelajagi uchun xavotirga tushish hislarini uyg‘otmoqda.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 10-19 yosh oralig‘idagi o‘spirin yoshlarning yettidan bir qismidan ko‘prog‘i ruhiy muammolardan aziyat chekib kelmoqda. Har yili o‘z joniga qasd qilish oqibatida deyarli 46000 o‘smir vafot etadi va bu mazkur yosh toifasida eng ko‘p o‘lim shu sababdan kuzatiladi. O‘zbekistonda ruhiy kasalliklar 2019 yilda o‘smirlar o‘rtasida nogironlikni nazarda tutuvchi umr ko‘rish davomiyligini kamaytiruvchi asosiy sabablardan biri hisoblanadi.

Hozirgi vaqtda “O‘smirlarning salomatligi va farovonligi milliy strategiyasi” Oliy Majlis Senati tomonidan ko‘rib chiqilyapti. Bu hujjat, boshqa sohalar qatorida, ruhiy salomatlik, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, jinsiy va reproduktiv salomatlik, yo‘l-transport hodisalari natijasida shikastlanish hamda zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgan masalalarni qamrab oladi. Yaqin besh yil ichida sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan umumiy qamrovdan 5,5 million o‘smirlarga zarur bo‘lgan yordam olinishi kutilyapti.

Shu munosabat bilan, O‘zbekistonda YUNISEF hamda Xalq ta'limi vazirligi tomonidan maktabda xavfsiz muhit va tengdoshlar bilan ijobiy munosabatni targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan yangi o‘quv dasturi ishlab chiqildi.

Top