Iqtisodiyot | 14:17 / 13.10.2021
24300
6 daqiqa o‘qiladi

Uch amerikalikka qaysi ishlar sabab iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti berildi?

Amerikalik uch nafar iqtisodchi Devid Kard, Joshua Engrist va Gvido Imbens oddiy kundalik hayotdagi «tabiiy tajribalar»ning jamiyat farovonligiga ta'sirini o‘rganishdagi innovatsion tadqiqotlari uchun Nobel mukofotiga loyiq ko‘rildi.

Devid Kard, Joshua Engrist va Gvido Imbens / Foto: NOBEL PRIZE OUTREACH

AQShdagi yetakchi universitetlarning uch olimi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Ular fanda ilmiy bo‘lmagan tajribalardan ilmiy xulosalar chiqarish mumkinligi haqida tadqiqotlar olib borishdi va shu orqali jamiyatdagi murakkab jarayonlarni tushunishga imkoniyat paydo bo‘ldi, umuminsoniy uyg‘unlik va farovonlikka eng qisqa yo‘lni topishga yordam berishdi.

10 mln shved kronasi (1,14 mln dollardan ortiqroq) mukofotning yarmi asli kanadalik Devid Kardga nasib etadi, qolgan yarmi esa amerikalik Joshua Engrist va asli niderlandiyalik Gvido Imbensga teng taqsimlanadi. Hozirda ularning uchalasi ham Amerika fuqaroligiga ega hisoblanadi.

Ularning izlanishlari natijasida dunyo laboratoriya tajribalarida o‘rganib bo‘lmaydigan savollarga javob oldi. Masalan, tug‘ilgan sana bolaning kelajakdagi ta'lim jarayoni va rivojlanishiga qanday ta'sir qilishi mumkin? 31 dekabr va 1 yanvarda tug‘ilgan bolalar o‘rtasida bir necha soat farq bo‘lsa-da, ba'zi mamlakatlarda ular maktabga bir yillik farq bilan borishadi.

Nobel mukofoti sovrindorlari oddiy kundalik hayotdagi hodisalarni o‘rganib tabiiy tajribalar natijalarini baholash metodologiyasini yaratishdi.

Ular ikkita bir xil rivojlangan hududda bitta komponent o‘zgartirilsa va qolganlari o‘zgarishsiz qolsa, qanday natijaga erishish mumkinligi haqida tadqiqot olib borishdi. Agar AQShning biror shtati yoki Yevropa Ittifoqining bir davlatida to‘satdan eng kam oylik ish haqi oshirilsa, maktablarda o‘qish bir yilga uzaytirilsa yoki mehnat muhojirlarini yollash cheklansa, lekin qo‘shni shtatlar yoki davlatlarda bu komponentlar o‘zgarishsiz qoldirilsa, bu hodisalarning rivojlanishga ta'sirini o‘lchadilar va jamiyat farovonligiga qanday ta'sir qilishini aniqladilar.

Bu yilgi laureatlar tabiiy tajribalar natijalarini baholashda ilmiy yondashuvni yaratdi.

«Olimlarning izlanishlari shuni ko‘rsatdiki, tabiiy tajribalar ham jamiyat uchun muhim bo‘lgan savollarga javob berishi mumkin, masalan, eng kam oylik ish haqi yoki immigratsiya ko‘lami mehnat bozoriga qanchalik ta'sir qiladi. Ularning sharofati bilan iqtisodiyotda empirik tadqiqotlar inqilobiy o‘zgarishlarga duch keldi», deya ta'kidlagan Nobel qo‘mitasi.

Mukofot iqtisodiyot va hayotni bir-biriga yaqinlashtirish an'anasini davom ettirgani, keng jamoatchilikka tushunarli shaklda amalga oshirilgani, yuqori darajali iqtisodchi-matematiklar oddiy odamlarning hayotidan uzoqda bo‘lmagan muammolarga qiziqish bildirgani uchun taqdim qilingani aytib o‘tilgan.

Iqtisodchilar uzoq vaqt davomida ish haqi va ish o‘rinlari o‘rtasida bog‘liqliklar kuchli deb hisoblashganini aytishgan. Ular eng kam oylik ish haqi oshsa, ba'zi ishchilar ko‘proq maosh oladi, boshqalari esa ishdan bo‘shatiladi, deb o‘ylagan. Keyinchalik tajribalar orqali ish haqining oshishi ish bilan ta'minlanish darajasiga sezilarli ta'sir o‘tkazmasligini aniqlashgan.

Yana amerikaliklar

Bir necha yildan beri iqtisodiyot yo‘nalishidagi Nobel mukofoti amerikalik tadqiqotchilarga nasib etmoqda. 2018 yilda Uilyam Nordxaus va Pol Romer innovatsiyalar, iqlim va iqtisodiyot sohalaridagi tadqiqotlari uchun, 2019 yilda Abxijit Banerji, Ester Dyuflo va Maykl Kremer global qashshoqlikka qarshi kurashdagi eksperimental yondashuvlari uchun, 2020 yilda esa Pol Milgrom va Robert Uilson kimoshdi savdosi nazariyasini takomillashtirgani va yangi auksion shakllarini ixtiro qilgani uchun iqtisodiyot sohasida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishgan. Ularning hammasi Amerika fuqaroligiga ega.

Ma'lumot uchun, iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti Alfred Nobelning vasiyatnomasida ko‘rsatilmagan yagona mukofotdir. Rasmiy ravishda, bu Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlangan Shvetsiya Davlat bankining iqtisodiyot sohasidagi mukofoti deb nomlanadi. 1968 yilda Shvetsiya markaziy banki o‘zining 300 yillik yubileyi sharafiga Nobel jamg‘armasiga iqtisodiyot sohasida ham mukofot ta'sis etish uchun mablag‘ ajratadi. Iqtisodiyot sohasidagi mukofot g‘olibi Shvetsiya Fanlar Akademiyasi tomonidan tanlanadi va boshqa ilmiy fanlar bo‘yicha ishlarni mukofotlash bilan bir xil qoidalarda amalga oshiriladi. Hozirgi paytda Nobel mukofoti 6ta yo‘nalish: tibbiyot, fizika, kimyo, adabiyot, tinchlik va iqtisodiyot yo‘nalishlarida taqdim qilinmoqda. Nobel mukofotlarini topshirish marosimi an'anaviy ravishda Stokholm va Osloda mukofot ta'sischisi Alfred Nobel vafot etgan kun – 10 dekabrda o‘tkazib kelingan. Pandemiya sababli taqdirlash joriy yilda ham xuddi o‘tgan yildagi kabi Stokholmda emas, balki onlayn tarzda sovrindorlar yashovchi davlatlarda o‘tkaziladi. Shu bilan birga, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini topshirish bo‘yicha hali bir to‘xtamga kelinmagan va u an'anaviy ravishda Osloda topshirilishi ham mumkin. 

Mavzuga oid