20:30 / 14.10.2021
3822

Shavkat Mirziyoyev Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining videoanjuman shaklidagi yig‘ilishida ishtirok etdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 oktabr kuni Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining videoanjuman shaklidagi navbatdan tashqari yig‘ilishida ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston 2020 yil dekabr oyida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini olganidan buyon ushbu integratsiyaviy birlashmaning Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan uchinchi sammiti bo‘ldi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev raisligida o‘tgan sammitda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, YeOII huzuridagi kuzatuvchi mamlakat — Kuba prezidenti Migel Bermudes va Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi hay'ati raisi Mixail Myasnikovich qatnashdi.

Yig‘ilish kun tartibidan ko‘p tomonlama iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlash, shuningdek, savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport-tranzit salohiyatini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligi, raqamlashtirish, «yashil» iqtisodiyot va boshqa ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni ilgari surish masalalari o‘rin oldi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida O‘zbekistonning tabiiy savdo va iqtisodiy hamkorlari — YeOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Xususan, pandemiya sharoitlarida O‘zbekistonning tashkilotga a'zo davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi barqaror ortib borayotgani ta'kidlandi. Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, qo‘shma ishchi guruh o‘z faoliyatini boshladi. Bundan tashqari, Yevrosiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlik bo‘yicha istiqbolli loyihalar tayyorlanmoqda.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasidagi sa'y-harakatlarni faollashtirish muhim ekanini alohida qayd etib, O‘zbekiston yetakchisi o‘zaro savdoda mavjud to‘siqlarni bartaraf etish, texnik reglament va standartlarni uyg‘unlashtirish, bojxona tartibotlarni raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xarita»sini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.

O‘zbekiston sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish orqali mintaqalararo qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishda hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani qayd etildi. Toshkent shahrida har yili «Innoprom — Markaziy Osiyo» sanoat forumining o‘tkazilishi buning uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Shavkat Mirziyoyev milliy iqtisodiyotlarning barqaror rivojlanishida muhim omil sifatida transport yo‘laklari tarmog‘i va logistika infratuzilmasini takomillashtirish muhim ekaniga e'tibor qaratdi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tomonidan Rossiya va Qozog‘iston bilan birgalikda yo‘lga qo‘yilayotgan zarur tovarlarni tez fursatda o‘zaro yetkazib berish bo‘yicha «Agroekspress» loyihasiga qo‘shilishga taklif etdi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash masalalarining alohida dolzarb ahamiyatini hisobga olib, O‘zbekiston Prezidenti bu boradagi sa'y-harakatlarni birlashtirish va qo‘shma hamkorlik dasturini ishlab chiqish orqali sohadagi hamkorlikning yangi nuqtalarini izlash muhim ekanini ta'kidladi.

O‘zbekiston YeOII doirasidagi raqamli transformatsiya jarayonlarida ishtirok etish, amaliy tajriba almashish va ilg‘or texnologiyalarning o‘zaro transferidan manfaatdor ekani qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev ekologiya masalalariga alohida e'tibor qaratib, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralar zarur ekanini ta'kidladi.

O‘zbekiston prezidenti hamkor mamlakatlarni Orolbo‘yida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi hamda kelgusi yil sentabr oyida Nukus shahrida o‘tkaziladigan «Yashil» energetika bo‘yicha xalqaro forumga taklif etdi.

Bundan tashqari, birlashma doirasida yaratilgan Iqlim masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi ishchi guruh bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilgari surildi.

O‘zbekiston yetakchisi so‘zining yakunida sammit yakunlari YeOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik va yaqin sheriklikni ilgari surishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Top