13:19 / 19.10.2021
36348

Shavkat Mirziyoyev Jahongir Ortiqxo‘jayevga hokimlik lavozimini berishi sababi haqida gapirdi

Shavkat Mirziyoyev nima uchun Jahongir Ortiqxo‘jayevni hokimlikka qo‘ygani haqida gapirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: Milliy mass-media fondi

“Kelgusi besh yilda xorijdan keladigan mehmonlarni 3 million nafarga yetkazib, turizm xizmatlari hajmini 1 milliard dollarga olib chiqish bo‘yicha barcha imkoniyatlar bor.

Savdo sohasining iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish, boshqa tarmoqlar uchun “drayver”ga aylantirish uchun eng katta masala bu – savdo maydonlarining yetarli emasligi.

Misol uchun, so‘nggi ikki yilda shaharda savdo maydonlari 2 barobarga oshgan bo‘lsa-da, ularning hajmi yirik megapolislarga nisbatan, 10-15 baravarga past. 

Shuning uchun, kelgusi besh yilda shahardagi savdo maydonlari 10 barobarga oshiriladi. Buning uchun: 

- 44 ta yirik savdo va ko‘ngilochar markazlari ishga tushiriladi; 
- har bir tumanda tun-u kun faoliyat ko‘rsatadigan savdo va ko‘ngilochar ko‘chalar barpo etiladi; 
- yangi qurilayotgan uy-joylar va biznes markazlarning pastki qavatlari oldindan xizmat ko‘rsatish va savdo sohasiga ixtisoslashtiriladi.

Savdo va xizmatlar sohasidagi  tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, yangi mehmonxonalar va 5 ming kvadrat metrdan katta savdo komplekslari:

- besh yil davomida mol-mulk solig‘ini 2 barobar past stavkada to‘laydilar;
- qurilgan binolarning amortizatsiya xarajatlarini ikki yil davomida to‘liq qoplash orqali, foyda solig‘ini kamaytirish imkoniyati yaratiladi.

Umuman olganda, shahar mahallalarida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga, yiliga 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi.  

Men nima uchun [Jahongir] Ortiqxo‘jayevni Toshkent shahri hokimligiga qo‘ydim? Bu odam tadbirkor. Tadbirkorlik bilan poytaxtni rivojlantirishi uchun bu lavozimni berdik. Zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Tadbirkorlik zamon talabi bo‘lyapti. Endi Ortiqxo‘jayev ham kerak bo‘lsa 10 barobar ko‘proq harakat qilishi lozim”, – ta'kidladi prezidentlikka nomzod.

Top