Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Xususiy maktab va bog‘chalar uchun oylik 3 million so‘mgacha to‘lovdan daromad solig‘i olinmaydi» - Prezident
Poytaxtda “Bilim va innovatsiyalar shahri” dasturi amalga oshiriladi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.
“Yangi O‘zbekiston kelajagi sifatli ta'lim tizimi bilan bevosita bog‘liq. Kelajakda har bir soha va tarmoqning xalqaro miqyosda raqobatdosh bo‘lishi uchun, avvalambor, ta'lim tizimida keskin o‘zgarishlar qilishimiz zarur. Shuning uchun “Bilim va innovatsiyalar shahri” dasturi amalga oshiriladi.
Bugungi kunda 117 ta mahallada bog‘cha mavjud emas. Mazkur muammoni hal qilish va poytaxtliklarning ehtiyojidan kelib chiqib, ushbu mahallalarda maqbul yer uchastkalari bog‘cha qurish uchun auksionga chiqariladi. Shuningdek, 200 ta davlat bog‘chasi rekonstruksiya qilinib, to‘liq jihozlanadi. Natijada, maktabgacha ta'lim bilan qamrov darajasi 80 foizdan 100 foizga yetkaziladi.
Ko‘p bora ta'kidlaganimizdek, “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”. Kelgusi besh yilda barcha yangi uy-joy massivlarida maktablar quriladi va mavjud 180 tasi rekonstruksiya qilinadi. Shahardagi aholining daromadlarini inobatga olib, xususiy ta'lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlaymiz. Buning uchun shaharda aholi talabi asosida 100 ta qulay yer tanlanib, maktab barpo etish uchun auksion orqali tadbirkorlarga maqsadli ravishda beriladi.
Ayrim shahar maktablarida bitta sinfda 45-50 tagacha bolajonlarimiz o‘qiyotganidan yaxshi xabardorman. Davlat bog‘chasiga farzandini beraman deb, oylab, hatto yillab navbat kutayotgan oilalar ham bor. Shu bois, farzandlarini xususiy bog‘cha va maktabga bergan ota-onalar yengilliklar berishimizni kutyapti. Endi xususiy maktab va bog‘chalar uchun oylik 3 million so‘mgacha to‘lovdan daromad solig‘i olinmaydi. Bu – har bir farzand to‘lovidan oyiga 400 ming so‘mgacha mablag‘ ro‘zg‘orda qoladi, degani.
Qancha qurilish kerak bo‘lsa, qilib beramiz, lekin meni bezovta qilayotgan asosiy masala, bu – poytaxt maktablaridagi ta'lim sifati va bolalarimiz tarbiyasi. Misol uchun, Olmazor, Uchtepa, Shayxontohur, Bektemir tumanlarida oliygohlarga kirish darajasi respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past. Ayniqsa, Shayxontohurda 5 ta va Olmazorda 4 ta maktab bitiruvchilarining bor-yo‘g‘i 5-6 foizi oliygohlarga kira olgan. Shu bilan birga, poytaxt maktablarida o‘quvchilarga kasb-hunar berish ishlari hali tizimli yo‘lga qo‘yilgani yo‘q. Bundan tashqari, 23 ming nafar pedagoglarning yarmidan ko‘pi malaka toifasiga ega emas.
Poytaxtda ta'lim sifatini yaxshilash maqsadida Toshkent tajribasi yaratiladi. Bunda har bir tumanga xorijdan malakali mutaxassislarni jalb qilib, “Ilg‘or ta'lim” pedagoglarni o‘qitish markazi tashkil qilinadi, eng zamonaviy metodikalar va dasturlar asosida, 23 mingdan ziyod pedagoglarning malakasi oshiriladi, barcha chet tillari va Ay-Ti o‘qituvchilari kelgusi uch yilda xalqaro sertifikatlar oladi.
Umuman, o‘quvchilar maktabni kamida bitta kasb-hunarni egallagan holda tamomlashlari shart. Shu maqsadda, maktablarda o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirishga ko‘maklashadigan alohida lavozim kiritiladi. Ular kasbga o‘rgatishning yangi tizimi asosida 9-11 sinf o‘quvchilari turli korxonalarda 3 oy davomida ish o‘rganishini tashkillashtiradi. Bunda kasb o‘rganayotgan o‘quvchilarga ish haqi davlat tomonidan to‘lanadi.
Bugungi kunda eng dolzarb masala – bu bola tarbiyasi. Shu bois, o‘quvchilarning kun davomida vaqtini mazmunli o‘tkazishni nazarda tutuvchi alohida o‘quv va to‘garaklar dasturi ishlab chiqiladi. Bu masalada ota-onalar bilan maktab o‘rtasida “o‘zaro majburiyatlar shartnomasi” tuziladi. Endi, ota-ona bolaning ta'lim-tarbiyasi uchun nimaga javob beradi-yu, muallimlar qanday majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi, bularning hammasi aniq-aniq belgilanadi. Har bir maktab atrofida joylashgan mahalla, oliygoh va korxona vakillaridan iborat “ziyolilar guruhlari”ning ishi faollashtiriladi”, dedi prezidentlikka nomzod.
Mavzuga oid
16:28 / 13.06.2026
Toshkentda yo‘l talashgan haydovchi ikkinchi haydovchiga tayoq bilan hujum qildi
20:06 / 10.06.2026
Prezident huzurida Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati va rejalari ko‘rib chiqildi
16:55 / 09.06.2026
Biznes-ombudsman Toshkentdagi reklamalarni buzishda qonuniy yo‘l tutishga chaqirdi
10:25 / 09.06.2026