22:57 / 21.10.2021
18339

Nursulton Nazarboyev prezident lavozimidan ketishi sabablaridan birini ma'lum qildi

Foto: «360tv.ru»

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning davlat rahbari lavozimidan ketishi sabablaridan biri umurtqasida o‘tkazgan jarrohlik amaliyoti bo‘lgan. Bu haqda elboshining o‘zi “Xabar” davlat telekanalida efirga uzatilgan “Suratga chizgilar” hujjatli filmida ma'lum qildi.

“Hozir sizga avval aytmagan bir haqiqatni aytaman, bu sensatsiya bo‘ladi. Men umurtqamda jiddiy jarrohlik amaliyotini o‘tkazganman. Xasta prezident davlat boshqaruvchisi bo‘la olmaydi. Ahvoling shunday ekan, mamlakatda nima ayb? U aziyat chekmasligi kerak. Shu ahvolda safarlar uyushtirish, uchrashuvlar o‘tkazishni davom ettirish kerak, lekin bunday sog‘liq bilan buni qanday qila olasan? Shu holatim ham davlat rahbari lavozimidan ketishimda ahamiyatga ega bo‘lgan. Men bu haqda hech qachon aytmagandim, ma'zur tutgaysizlar”, deb o‘z “siri” bilan bo‘lishgan Nazarboyev.

Uning aytishicha, sog‘lig‘idagi muammo 2011 yilda ommaviy tadbirlardan biri vaqtida aniqlangan. “8 mart kuni konsertda o‘tirgandik. Konsert tugagach, o‘rnimdan turdim va tamom, qadam bosa olmadim. Men qo‘riqchini chaqirdim va unga yonimda turishini aytdim. Uning qo‘lini qo‘ltiqoyoq kabi ushlab oldim va odamlar bilmasligi uchun sekin yurishni buyurdim. O‘shanda zal to‘la edi. Shu alfozda u yerdan chiqib ketdim. Keyin ko‘rikdan o‘tishni boshladim va aniqlanishicha, umurtqamda muammo bor ekan”, deb o‘z so‘zlarini davom ettirgan siyosatchi.

“Buni xalqqa qanday ayta olardim? Hali qiladigan ishlarim bor, biroq ketishim ham kerak. O‘shanda ketishga tayyor emasdim. Chunki vorisim masalasi hali hal bo‘lmagandi va hokazo. Ma'lum vaqt o‘tgandan keyin shu qarorga keldim. Fikrimcha, to‘g‘ri qaror qabul qilganman. O‘shandan beri 2 yil o‘tdi va hech ham afsuslanmayman”, deb ta'kidlab o‘tgan elboshi.

Siyosatchi o‘sha hodisadan tashqari, hech qachon jiddiy betob bo‘lmagani va hozir ham sog‘lomligini qo‘shimcha qilgan.

Nursulton Nazarboyev 2019 yil 19 martda prezident lavozimidan ketishini e'lon qilgandi va ertasi kuniyoq o‘z vakolatlarini topshirishi haqidagi farmonni imzolagandi.

Top