12:00 / 23.10.2021
5423

“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi tomonidan Buxorodagi tabiiy gaz qazib chiqarilishi va geologiya ishlari holati o‘rganildi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a'zolari tomonidan Buxoro viloyati hududida joylashgan tabiiy gaz quduqlari faoliyati, geologiya ishlarining borishi holati o‘rganildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

“O‘zbekneftgaz” AJ bo‘yicha 2021 yilga mo‘ljallangan maxsus dastur ishlab chiqilib, unga asosan Ustyurt, Buxoro, Qashqadaryo va Farg‘ona regionlarida 3D seysmik ishlarini bajarish, yangi quduqlarni burg‘ilash va uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2020 yilning iyul oyida Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi mutaxassislarning takliflariga asosan Buxoro viloyatida joylashgan G‘arbiy Tegirmon konida yangi 6-sonli quduqni burg‘ilash ishlari boshlangan edi.

Yangi quduqni burg‘ilash orqali ushbu konda qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash, uning neft va gaz chegaralarini kengaytirish, yangi qatlamlarni topish va ularning istiqbollarini o‘zlashtirish kabi vazifalarni bajarish maqsad qilib olinib, o‘tgan qisqa vaqt oralig‘ida “G‘arbiy Tegirmon” 6-sonli qudug‘i 2860 metr chuqurlikka, yura davrining chuqur qismigacha burg‘ilandi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” tomonidan 6-sonli quduqni burg‘ilash jarayonlari joyiga chiqqan holda batafsil o‘rganib chiqildi.

Xususan, 2810 metr chuqurlikdan 9 metr hajmdagi tog‘ jinsi namunalari olinib, kern chiqarish qo‘rsatkichlari 100 foizga yetkazilgani hamda ularning mahsuldorligiga doir masalalar keng muhokama qilindi.

Boshqaruv raisi joylardagi rahbar va mutaxassislarga ushbu quduqdan kutilayotgan natijalar juda muhim ekani, bu orqali nafaqat “G‘arbiy Tegirmon” koni, balki uning 3000 metrdan ortiq chuqurligida yangi zaxiralarni aniqlash imkoniyatlari mavjudligi ta'kidladi.

Ushbu tadbirlarni mukammal amalga oshirish maqsadida “O‘zneftgaz burg‘ilash ishlari” MChJ tomonidan barcha imkoniyatlar yaratilib, barcha zarur material-texnik jihozlar shay holatga keltirilgan.

“G‘arbiy Tegirmon” 6-sonli quduqdan olinadigan natijalar ushbu hududdagi ishlarni nafaqat jadallashtirish, balki kengaytirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi, yangi istiqbolli yo‘nalishlarni ochib berishi hamda respublika bo‘yicha uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirish uchun keng va yangi imkoniyatlarni yaratishi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘rganish jarayonida “O‘zlitineftgaz” AJ mutaxassislari tomonidan “G‘arbiy Tegirmon” 6-sonli qudug‘ini burg‘ilash uchun zarur loyiha va smeta-hujjatlarining mukammal darajada ishlab chiqilgani, ularda burg‘ilash tezligini oshirish maqsadida yangicha talab va yondashuvlar taklif etilayotgani, bunda asosiy e'tibor yakuniy natijaga, ya'ni tabiiy gaz mahsulotini olishga qaratilayotgani alohida qayd etildi.

“O‘zlbekneftgaz” AJ mutaxassislarining bu boradagi tajribalarini boshqa quduqlarda ham birgalikda tatbiq etishga kelishib olindi.

Shu bilan birga, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi va “O‘zlitineftgaz” AJ birgalikda, yangi quduqlardan mahsulot qazib chiqarishni tashkil etish va bu borada tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish, konlarning ustki qismini jihozlash bo‘yicha yangi takliflarni, shuningdek, “G‘arbiy Tegirmon” konidagi gaz uzatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha loyihalarni joriy etish masalalari ko‘rib chiqilib mutaxassislarga zarur ko‘rsatmalar berildi.

O‘rganish yakunida yangi quduqda o‘rnatilgan uskuna va jihozlarning sozlik holati, ish jarayonlarining tashkil etilishi hamda ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi.

Hozirda “G‘arbiy Tegirmon” konining chuqur yerosti qatlamlarini o‘rganish va uning geologik-iqtisodiy parametrlarini aniqlash maqsadida 6-sonli quduqni burg‘ilash ishlari davom ettirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top