16:08 / 26.10.2021
6498

“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti rektori bilan muzokara o‘tkazdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2021 yilning 16 iyun kuni bo‘lib o‘tgan oliy ta'lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisiga bir qator topshiriqlar berilgan edi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Ushbu vazifalar ijrosini ta'minlash, jumladan, tarmoq korxonalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘qituvchilarning korxonalarda amaliy tadqiqotlar o‘tkazishiga sharoit yaratish maqsadida hamda neft-gaz sohasi uchun kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qilish maqsadida joriy yilning 24 oktabr kuni “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat Neft va gaz universiteti rektori, professor V. G. Martinov bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Ushbu uchrashuv V. G. Martinovning O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida mamlakatimizga tashrifi doirasida amalga oshirildi.

Ikki tomonlama hamkorlikning ahamiyati va samaradorligi ta'kidlanib, ko‘p yillik olib borilgan hamkorlikdagi ishlar doirasida Rossiya davlat Neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali respublika neft-gaz tarmog‘i uchun zarur bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlab bergani qayd etildi. Ushbu oliy o‘quv yurtini tamomlagan bitiruvchilar “O‘zbekneftgaz” AJ tizimida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, kompaniya rivojiga faol hissa qo‘shishmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

Uchrashuv chog‘ida tomonlar hamkorlik ko‘lamini kengaytirish imkoniyatlari, xususan, faoliyatning barcha sohalarida innovatsiyalarni samarali amalga oshirish muhimligiga e'tibor qaratishdi. Tomonlar neft-gaz ishida ta'lim dasturlarining yangi yo‘nalishlarini ochish va texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning oktabr oyida Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida viloyatda ishsiz yoshlarni kasb-hunarga o‘qitishning mutlaqo yangicha tizimini joriy etish bo‘yicha ham “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayevga alohida ko‘rsatmalar bergan edi.

Rossiya Neft va gaz oliy ta'lim muassasasi rektori bilan uchrashuv chog‘ida aynan davlat rahbarining ushbu topshiriqlari ijrosini qamrab oluvchi, “ustoz-shogird” tamoyilini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik ham o‘z aksini topdi. Bu borada abituriyentlarni oliy o‘quv yurtlariga tayyorlash maqsadida Qarshi shahridagi hududiy tayyorlov bo‘limlarining (HTB) muvaffaqiyatli namunasini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining boshqa hududlarida, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyati hududlarida HTB ochish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Shuningdek, uchrashuvda “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi tomonidan uglevodorodlarni qayta ishlash, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish kabi yo‘nalishlarni ochish taklifi berildi. Bundan tashqari, talabalar mukammal bilim olishlari uchun filialda magistratura bosqichini yo‘lga qo‘yish hamda soha bilan bog‘liq bo‘lgan oliy ta'lim muassasalarining birituvchilarini universitetda (Moskva shahrida) maqsadli magistratura bosqichida o‘qitish taklifi ilgari surildi.

Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev tomonidan bugungi uchrashuvda soha uchun raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashni yanada takomillashtirish maqsadida, filialni kelgusi yillarda rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish borasida mas'ullarga topshiriq va vazifalar berildi.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalarida filialning mavjud kafedralari bilan kadrlar tayyorlash va ilmiy izlanishlar bo‘yicha muntazam tarzda hamkorlikda faoliyat yuritilmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

Filial talabalarining o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarini bevosita ishlab chiqarish korxonalarida tashkil etish uchun “O‘zbekneftgaz” AJning ishlab chiqarish korxonalarida “tajriba-sinov uchastkalari” tashkil qilingan. Bunday yaratib berilgan shart-sharoitlar uchun filial rektori “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisiga minnatdorlik bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart-may oylarida filialning 270 nafardan ziyod talabalari o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarini “O‘zbekneftgaz” AJning ishlab chiqarish korxonalarida tashkil etgan. I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat Neft va gaz universitetining Toshkent shahar filiali talabalarini rag‘batlantirish, intellektual va ma'naviy salohiyatini oshirish maqsadida, “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisining stipendiyasi joriy etildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top