Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Rossiyadan zaharli uzuk»: qochqindagi razvedkachi saudlar shahzodasini marhum podshohni o‘ldirmoqchi bo‘lganlikda aybladi
Saudiya razvedkasining sobiq yuqori martabali vakilining ma'lum qilishicha, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon marhum podshoh Abdulloh ibn Abdulaziz Ol Saudni Rossiyadan olib kelinishi kerak bo‘lgan zaharlangan uzuk yordamida o‘ldirish niyati haqida gapirgan.
O‘z vaqtida Saudiya razvedkasida muhim shaxslardan biri bo‘lgan Saad al-Jabriy CBS telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, Muhammad ibn Salmon 2014 yilda o‘z amakivachchasi Muhammad ibn Naif bilan suhbat chog‘ida taxtni otasiga bo‘shatish uchun podshoh Abdullohdan qutulmoqchi ekani haqida ishora qilgan. O‘sha vaqtda hukmron sulola vakillari o‘rtasida taxt vorisligi borasida tortishuvlar yuzaga kelgandi.
Jabriy Amerikadagi CBS korporatsiyasining «60 daqiqa» nomli dasturiga bergan intervyusida podshoh Salmonning o‘g‘li, valiahd shahzoda, amalda Saudiya Arabistonining mutlaq hukmdori Muhammad ibn Salmon ibn Abdulaziz Ol Saudni «qotil, Yaqin Sharqda cheklanmagan resurslarga ega bo‘lgan, o‘z xalqiga ham, amerikaliklarga ham va butun sayyoraga ham xavf tug‘diruvchi psixopat» deb atagan.
Sobiq razvedkachi shahzoda 2014 yilda amakivachchasi, o‘sha vaqtda mamlakat ichki ishlar vaziri lavozimida bo‘lgan Muhammad ibn Naif bilan suhbatda podshoh Abdullohning o‘ldirilishini tashkillashtira olishi haqida aytganini ma'lum qildi.
ANADOLU AGENCY
«U shunday degandi: «Men podshoh Abdullohni yo‘q qilmoqchiman. Menga Rossiyadan zaharlangan uzuk yetkazib berishadi. Qo‘lini siqsam kifoya va barchasi tugaydi». Balki u shunchaki maqtangandir, ammo u shu gaplarni aytgan va biz buni jiddiy qabul qilganmiz», deya hikoya qiladi Jabriy. Uning so‘zlariga ko‘ra, shundan keyin bu gapni hamma unutgan, ammo uchrashuv yashirin kamera orqali yozib olingandi va u videoyozuvning ikki nusxasi hozirda qayerda saqlanishidan xabardor.
Podshoh Abdulloh 2015 yilda, 90 yoshida vafot etgan va taxt uning o‘gay ukasi, Muhammad ibn Salmonning otasi bo‘lmish Salmonga o‘tgan. Podshoh Salmon taxtga chiqqanida shahzoda Muhammad ibn Naifni valiahd shahzoda etib tayinlagandi.
Ammo 2017 yilda ibn Salmon valiahd shahzodaga aylanadi, ibn Naif esa ichki ishlar vaziri lavozimidan mahrum bo‘ladi, ayrim ma'lumotlarga ko‘ra u o‘shanda uy qamog‘iga o‘tkazilgan, o‘tgan yili uni qo‘lga olishgan, unga qanday ayblov qo‘yilgani ma'lum emas. Jabriy ibn Naif lavozimdan chetlatilganidayoq, 2017 yilda Kanadaga qochib ketgandi.
Intervyuda u Yaqin Sharq mamlakatlaridan biridagi razvedkachi do‘sti uni 2018 yil oktyabrida, saudiyalik josuslar Turkiyada jurnalist Jamol Qoshiqchini o‘ldirishganidan bir necha kun o‘tib, ibn Salmon sobiq razvedkachini ham yo‘q qilishi kerak bo‘lgan guruh jo‘natgani haqida ogohlantirganini aytadi.
Jabriyning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda olti kishidan iborat guruh Ottava aeroportiga qo‘ngan, ammo bojxonachilar yukxonada «shubhali DNK-tekshiruv uskunasi» aniqlashgani tufayli ularning barchasi ortga qaytarib yuborilgan.
O‘tgan yili Jabriy AQSh federal sudiga saudiyalik shahzodaga qarshi da'vo kiritgan - uni qotillikka urinishda ayblagan.
Ibn Salmon o‘shanda barcha ayblovlarni rad etgan. U Qoshiqchining o‘limiga aloqadorligi bo‘yicha ayblovni ham rad qilgan, Amerika razvedkasi esa jurnalistni yo‘q qilish bo‘yicha amaliyot shahzodaning shaxsan o‘zi tomonidan ma'qullangan deb hisoblaydi.
Saad al-Jabriy kim bo‘lgan?
Jabriy ko‘p yillar mobaynida 2000-yillar boshida Saudiya Arabistonida «Al-Qoida» ustidan g‘alaba qozongan» shahzoda Muhammad ibn Naifning o‘ng qo‘li va maslahatchisi bo‘lgan. Jabriy Saudiya razvedkasi hamda AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyadan iborat razvedka xizmatlari bo‘yicha «katta beshlik» o‘rtasidagi aloqalarda muhim o‘rinni egallagan.
G‘arb razvedka xizmatlaridagi manba ma'lumotiga ko‘ra, 2010 yilda Saad al-Jabriy tufayli yuzlab kishilarning hayoti saqlab qolingan. O‘shanda «Al-Qoida» terrorchilari Yamandan Chikagoga uchgan yuk samolyoti bortiga kuchli bomba kiritishga muvaffaq bo‘lishgandi. Portlovchi qurilma printerlar uchun kartrijlar to‘plami orasiga yashirilgandi.
Saudiyaliklarning «Al-Qoida»da o‘z informatori bo‘lgan, u orqali MI-6 (britan razvedkasi)ga nafaqat portlovchi qurilma haqida ma'lumot berilgan, balki qidirilishi kerak bo‘lgan kartrijning seriya raqami ham yetkazilgan.
Britaniya aksilterror bo‘linmasi samolyot Angliyadagi Ist-Midlans aeroportiga yonilg‘i quyish uchun to‘xtaganida bombani topishgan va zararsizlantirishgan. «Agar rejalashtirilganidek, samolyot Chikago osmonida portlatilganida, yuzlab kishilar halok bo‘lgan bo‘lardi», deydi manba.
«Doktor Jabriy Saudiya Arabistonining terrorizmga qarshi siyosatini qaytadan qurdi», deydi G‘arb razvedkasining iste'fodagi xodimlaridan biri.
«Faqat qiynovlar bilan tan oldirishga o‘rgangan, zo‘ravonlik mashinasini eslatuvchi Saudiya razvedkasi yuqori texnologiyalar bilan ta'minlangan zamonaviy tizimga aylanadi, ular genetik ekspertizalarni o‘tkazishni o‘rganishdi, kompyuter razvedkasi usullarini o‘zlashtirishdi. Jabriy saudiyalik xodimlar orasida ishni tushunuvchi eng aqllisi edi. Qolganlarning barchasi ishonchsiz edi», deydi u.
Ko‘zoynakdagi sokin kishi, Edinburg universitetida sun'iy intellekt sohasida doktor darajasini olgan Jabriy Saudiya hukumatida yuqori pog‘onalargacha chiqib boradi: u ichki ishlar vazirligi general-mayori maqomiga ega va vazirga tenglashtirilgandi.
Ammo 2015 yilda barchasi o‘zgarib ketadi.
Podshoh Abdulloh vafot etadi va taxtga uning ukasi Salmon chiqadi. U darhol o‘zining yosh va davlat ishlarida tajribasiz bo‘lgan o‘g‘li Muhammad ibn Salmonni mudofaa vaziri etib tayinlaydi.
MBSning vazir sifatidagi ilk buyruqlaridan biri Yamanga bostirib kirish to‘g‘risida bo‘ladi. Hukumatdagi ko‘pchilik tajribali siyosatchilar qatori Jabriy ham Ar-Riyodning qo‘shni davlatdagi fuqarolik urushida qatnashishiga qarshi edi: generallar agar saudiyaliklar bu urushga kirsa, undan chiqa olmasligidan ogohlantirishadi.
Chindan ham, besh yil o‘tib ham Saudiya Arabistoni hamon Yamandagi harbiy harakatlar uchun millionlarni sarflashda davom etmoqda va urush tugashidan darak yo‘q.
2017 yilda MBS otasining marhamati bilan saroyda qon to‘kmagan holda to‘ntarish amalga oshiradi: u taxt vorisi Muhammad ibn Naifni chetlashtiradi va hokimiyatni egallab, o‘zini valiahd deb e'lon qiladi.
Chetlatilgan shahzoda uy qamog‘iga tashlanadi, uning bank hisoblari va mulklari muzlatib qo‘yiladi, unga sodiq kishilar o‘z lavozimlaridan olinadi.
Saad al-Jabriy Kanadaga qochadi. Ammo Muhammad ibn Salmon baribir uni o‘z hokimiyati uchun tahdid deb hisoblaydi.
Sobiq razvedkachi oilasining ta'qibga uchrashi
Uning Saudiyada qolgan farzandlari rejim asirlariga aylanishgan. 2020 yil martida Jabriyning ikkinchi o‘g‘li Umar va qizi Sara uydan o‘g‘irlab ketilgan.
Oilaning Ar-Riyoddagi uyida tintuv o‘tkazilgan, kuzatuv kameralaridagi yozuvlar o‘chirib tashlangan, 21 yoshli Umar va 20 yoshli Sara Dabri qamoqqa olingan, ularni shundan buyon hech kim ko‘rmagan.
2017 yildan buyon otasi bilan birga Kanadada yashovchi Xolid shu vaqtgacha ular oila a'zolari bilan uchrashtirilmaganini aytadi.
Jabriyning katta o‘g‘lining hisoblashicha, Umar va Sarani ularning otasiga qarshi o‘yinda kuzirlar sifatida tutib turishibdi, ular shu tariqa otani Saudiya Arabistoniga qaytarishni maqsad qilishgan. Qochqindagi zobit esa vatanda uni zudlik bilan hibsga olishlari va uzoq vaqtga qamashlariga shubha qilmaydi.
Jabriylar oilasi Saudiya hukumati bilan betaraf hududda muzokara tashkil etishga urinib ko‘rgan, ammo bu muvaffaqiyat keltirmagan. Endi ular faqat matbuot orqali gapirishlari mumkin.
«Bizni shunga majbur qilishdi. Biz vatanparvarlarmiz va Saudiya Arabistoniga yomonlik tilamaymiz. Ammo Umar va Saraning o‘g‘irlanishi - kunduz kuni qilingan davlat qaroqchiligi», deydi Xolid Jabriy.
BBC Saudiya Arabistoni hukumatiga sobiq razvedkachining chiqishi yuzasidan izoh so‘rab murojaat qilgan.
Saudiya Arabistonining Vashingtondagi elchixonasi esa CBS korporatsiyasiga yuborgan xabarida Jabriyni o‘zining «milliardlab dollarlik moliyaviy jinoyatlari»dan e'tiborni chalg‘itmoqchi bo‘lgan «obro‘siz davlat amaldori» deb atagan.
Hozirda Saudiyadagi bir qancha organlar Jabriyga qarshi korrupsiya ayblovlarini tekshirmoqda, kanadalik sudya esa «firibgarlik bilan bog‘liq dalillar tufayli» uning aktivlarini muzlatish haqida qaror chiqargan.
Jabriyning o‘zi esa davlat mablag‘larini o‘zlashtirmagani, sobiq ish beruvchilari unga juda saxiylik bilan maosh to‘lashganini ta'kidlaydi.
O‘tgan yil noyabrida, Jabriy valiahd shahzodani sudga berishidan ikki oy o‘tib, Saudiya sudi uning o‘g‘li va qizini pul yuvishda va «mamlakatni tark etishga urinish»da ayblab, mos ravishda 9 va 6,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan. Razvedkachining bolalari qo‘yilgan ayblovlarni tan olmagan.
Apellyatsiya sudi sudlanuvchilar ishtirokisiz o‘tgan yashirin sud majlisida hukmni o‘z kuchida qoldirgan.
Mavzuga oid
07:09 / 02.06.2026
1,7 million ziyoratchi va aqlli boshqaruv. Haj-2026 yakunlari
08:37 / 29.05.2026
Jahon boylik xaritasi o‘zgarmoqda: yangi liderlar paydo bo‘lmoqda
08:52 / 27.05.2026
Saudiyadagi 1 kilometrlik osmono‘par binoda Xitoy texnologiyalari qo‘llanadi
08:43 / 23.05.2026