Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Ochig‘i, o‘shanda rosa alam qilgandi” - Buxorolik tadbirkor prezident selektorida 28 yil oldingi holatni esladi
27 oktyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida klasterlar faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha selektor o‘tkazdi.
Yig‘ilish davomida Buxoro viloyatidagi “Mergan Teks” MChJ rahbari Ibrohim Hamroyev so‘zga chiqdi va o‘z tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq vaziyatni esladi.
“Bundan 28 yil oldin O‘zbekistonning eng olis qishloqlaridan birida korxona ochdim. U yerda “polovaya tryapka” degan mahsulot ishlab chiqardim. To‘g‘risini aytsam, mahsulotim juda sifatsiz edi, qop-qora edi va biroz hidi ham bor edi. Shu mahsulotimni xorij davlatlaridan biriga eksport qilmoqchi bo‘ldim.
Namunani olib, chet elga chiqdim, ammo hech kimga o‘tkaza olmadim. “Bu mahsuloting biroz qo‘lansa hid chiqararkan, nariroqqa ol”, deyishdi. Ochig‘i, o‘shanda rosa alam qilgandi, xo‘rligim kelgandi.
Taqdir ekan, oradan 28 yil o‘tib yana o‘sha davlatga bordim. Bu safar bitta jomadon emas, to‘rttasida namuna olib bordim – shim, ko‘ylak va boshqa mahsulotlar. Bu men uchun shu qadar katta faxr va iftixor ediki, tasvirlab bera olmayman.

Hurmatli prezident, siz bundan besh yil oldin: “Endi paxtani chetga shunday sotib yubormaymiz, balki o‘zimiz qayta ishlab, tayyor mahsulot qilib sotamiz”, degan edingiz. To‘g‘risini aytsam, o‘shanda ko‘pchilik, shu qatori men ham bunga ishonmagan edim. Oradan ko‘p o‘tmay paxta tozalash korxonalarini xususiy tadbirkorlarga berdingiz, bu biz uchun tasavvur qilib bo‘lmaydigan narsa edi”, – dedi Ibrohim Hamroyev.
Tadbirkor o‘z chiqishida paxta yetishtirishga bo‘lgan qarashlarda hamon muammolar borligi, klasterlar va fermerlar suvni tejovchi texnologiyalarni qo‘llashda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotganini ham ta'kidladi.
“Albatta, hozir hamma klasterlar ham yetarlicha ishlay olmayapti. Tomchilab sug‘orish texnologiyalarini joriy etishda oqsayapmiz. Biz shu muammoni hal etish uchun harakat qilyapmiz, fermerga elektr toki yetkazib berish bo‘ladimi yoki boshqa yordam kerakmi, hammasini bajaryapmiz.
O‘tgan davr mobaynida bir narsaga amin bo‘ldim, bizning yerlarimizdan 70 sentner hosil olsa bo‘larkan. Qiziq tomoni, an'anaviy tarzda paxta ekib, gektaridan 30 sentner olasizmi yoki suvni tejovchi yangi texnologiyani qo‘llab, 70 sentner hosil olasizmi, xarajati teng, hosil esa 2–2,5 baravar ko‘p bo‘larkan. Men daftarimga yozib qo‘yganman – har ikki holatda ham neft, kimyoviy o‘g‘it va boshqa xarajatlar teng sarflanarkan”, – dedi Ibrohim Hamroyev.

Shavkat Mirziyoyev yig‘ilish davomida qishloq xo‘jaligida yangi texnologiyalardan foydalanish zaruriyati haqida gapirdi.
“Buxoroning yerida dehqonchilik qilish oson ish emas. Bu yerda uch martalab sho‘r yuvish kerak. Shunday ekan, rivojlanishni istaydigan bo‘lsak, zamon bilan teng yurishimiz va texnologiyalardan albatta foydalanishimiz shart. Bu ishlarni bajara olmaganlar ortda qolib ketaveradi”, – dedi prezident.
Mavzuga oid
10:45 / 12.05.2026
Fermerlar uchun dizel yonilg‘isi bo‘yicha subsidiya joriy etildi
09:57 / 12.05.2026
Paxta va bug‘doy yetishtiruvchilarga yangi moliyaviy imtiyozlar beriladi
22:47 / 14.01.2026
Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarishning klaster tizimi joriy etiladi
09:42 / 31.12.2025