O‘zbekiston | 22:48 / 28.10.2021
37067
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda sobiq sud raisi ustidan jinoyat ishi ochilgan. U rasman qidiruvda

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyati Do‘stlik tuman sudining sobiq raisi bir necha oydan buyon qidiruvda. Kun.uz manbasiga ko‘ra, u pora olishda gumonlanmoqda. Bosh prokuratura bu ma'lumotni tasdiqladi.

Foto: IIV/Getty Images

Manbaning Kun.uz'ga bildirishicha, sud raisi 11 ming AQSh dollari miqdorida pora olishda gumonlanib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Biroq sudya tergov organlaridan yashirinish maqsadida chet elga qochib ketgan. Shu tufayli unga nisbatan qidiruv e'lon qilingan.

Manba sudyaning ism-familiyasi Fazliddin Pardayev ekanini ma'lum qildi. Ichki ishlar vazirligi saytiga joylangan qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatida shunday ism-familiyali shaxs JKning 210-moddasi (pora olish)da gumonlanayotgani ko‘rsatilgan.

Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov Kun.uz so‘roviga asosan qidiruvdagi mazkur shaxs aynan shu sudya ekanini tasdiqladi. Uning ma'lum qilishicha, jinoyat ishlari buyicha Do‘stlik tumani sudi sobiq raisi ish yurituvidagi jinoyat ishi yuzasidan sudlanuvchiga yengilroq jazo tayinlash evaziga advokat orqali muayyan miqdorda pora olishga qaratilgan xatti-harakat sodir etgani holati yuzasidan 2021 yil 29 mart kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Gumonlanuvchi tergov organiga kelishdan bosh tortib, yashiringani sababli unga nisbatan sirtdan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan holda qidiruv e'lon qilingan.

Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi”, – deyiladi Bosh prokuratura ma'lumotida.

Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarov Kun.uz so‘roviga javoban ma'lum qilishicha, Fazliddin Pardayev “faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun” 2021 yil 5 aprel kuni Jizzax viloyati JIB Do‘stlik tuman sudining raisi vazifasidan ozod etilgan.

Akbarov unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha kengashda ma'lumot mavjud emasligini bildirdi.

Ma'lumot o‘rnida, 2019 yilda Do‘stlik tuman sudi raisi Fazliddin Pardayev bergan ma'lumotga asosan, Jizzax viloyati hokimligi saytida kichik xabar joylangan. Xabarda bir shaxs Do‘stlik tuman sudi binosida tergovchiga 100 dollar pora berishga uringan vaqtida qo‘lga olingani hamda sud hukmiga asosan JKning 211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan aybdor deb topilib, 3 yilga ozodlikdan mahrum etilgani aytiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatida tuman prokurori, Samarqand viloyatida esa tuman prokurori o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid