Ayni paytda Demun qishlog‘ida 210 xonadonda 1200dan ziyod kishi istiqomat qiladi. Ko‘cha, Qalluq kabi qishloqlar doxil ushbu hududda jami uch mingdan ziyod aholi istiqomat qilar ekan. Hududda 2ta maktab, 5ta bolalar bog‘chasi bor. G‘isht zavodi xumdonlaridan chiqayotgan tutun ularning barchasiga boradi.

Foto: Kun.uz 

G‘isht zavodi shundoqqina tuman markazi biqinida joylashgan. Ammo issiq fasllarda shamol tutunni ko‘proq janubga, demunliklar ustiga olib boradi. Qishda esa zavod faoliyat ko‘rsatmaydi.

Foto: Kun.uz 

Aholi vakillarining fikricha, aprel oyidan boshlab oktabr oxirlarigacha faoliyat ko‘rsatadigan ushbu zavod tutuni ayniqsa surunkali kasalliklari bor qariyalar hamda yosh bolalar nafas olishda qiyinchilik tug‘diradi.

Foto: Kun.uz 

«Yozda hovlida o‘tira olmaymiz. Bo‘g‘adigan havo va qo‘lansa hid keladi. Besh yildirki, bu tutundan bizni hech narsa qutqara olmayapti», — deydi onaxonlardan biri.

Foto: Kun.uz 

«Mahallada qon bosimi, damqisma kasali qiynaydigan qariyalar bor. Tutundan ayniqsa yosh bolalar va turli dardlarga chalingan keksalar aziyat chekishmoqda», — deydi demunlik otaxonlardan biri.

Foto: Kun.uz 

«Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Viloyat hokimi va tuman hokimi huzuriga ham bordik. Tuman hokimi g‘isht zavodi boshqa ishlamasligiga va'da berdi. Lekin zavod ishlashda davom etmoqda. Hozir ham siz kelishingizni kimdir zavodga yetkazibdi. Tutun to‘satdan kamayib qoldi. Ertalab qop-qora tutun burqsib chiqayotgandi», — deydi yana bir otaxon.