Angrenda 11 yoshli qiz «Tseftriakson» dori vositasi sabab vafot etgani aytildi. SSV izoh berdi
Feysbukdagi «Potrebitel.uz» yopiq guruhida 28 oktabr kuni bir post qoldirildi. Unda aytilishicha, Angren shahrida yashovchi 11 yashar qiz «Tseftriakson» dori vositasi tufayli paydo bo‘lgan allergik reaksiya sabab vafot etgan.
Ma'lumotda voqea joriy yilning 20 oktyabrida sodir bo‘lgani, surunkali bronxit sabab muntazam davolanib keladigan 11 yoshli bemor shifokor ko‘rsatmasiga binoan «Tseftriakson» antibiotigini qabul qilgani aytiladi.
Ukol qilinganidan keyin 3 daqiqa ichida bemorning qo‘llarida ko‘karishlar, ko‘zlarida qizarish, ko‘ngil aynishi boshlangan. 10 daqiqa ichida bemor hududiy shifoxonaga olib borilgan, o‘sha yerda dastlabki yurak urishdan to‘xtash holati kuzatilgani aytiladi. Shifokorlar tezkor harakatlar bilan yurak faoliyatini tiklashga muvaffaq bo‘lishadi. Ammo keyinchalik bu holat yana ikki marta takrorlanadi va tongda bemor yuragi butunlay to‘xtaydi.
Shuningdek, bemor shu kunga qadar ham «Tseftriakson» antibiotigini muntazam qabul qilgani, ammo reaksiya kuzatilmagani bildirilgan. Ya'ni amalda unga bu dori vositasi sinamasiz inʼeksiya qilingan.
E'lon qilingan postda o‘limga olib kelgan holat «Tseftriakson» dori vositasidan allergiya va anafilaktik shok tufayli paydo bo‘lgani aytilgan. Shuningdek, bu vosita Rossiyadan olib kelingani, shu paytgacha ham bu doridan paydo bo‘lgan reaksiya tufayli Angrenda o‘lim holatlari qayd etilgani, ko‘pchilik dori vositalari sotuvdan qaytarilgan bo‘lsa-da, bir qismi tarqalib ketgani yoziladi.
Postga bu dori vositalari «Deko» va «Bioximik» zavodlarida ishlab chiqarilgani va nojo‘ya ta'sirlari tufayli qaytarib olinganiga oid ma'lumot ham tirkalgan. Ammo bu ma'lumot o‘rganilganida holat bundan 4 yildan ortiq vaqt oldin kuzatilgani ma'lum bo‘ldi. Bu haqdagi maqolada «Tseftriakson» dori vositasi shu paytga qadar ham 4 marta sotuvdan qaytarilgani bayon qilingan.
- Tseftriakson haqida: tsefalosporin qatoriga kiruvchi keng ta'sir kuchiga ega antibiotik. Tibbiyotda juda ko‘p qo‘llaniladi, ayniqsa yuqumli kasalliklarda, jarrohlik amaliyotidan oldin va keyin, jarohatlarda tavsiya qilinadi. «Tseftriakson» degan umumiy nomdan tashqari «Tsef», «Tsefabel» «Tsefivel», «Tsefiksem», «Tsefod», «Peo», «Medakson», «Betasporin», «Lifakson» kabi qator nomlar ostida, ammo shu tarkibda ishlab chiqariladi.
Kun.uz holat yuzasidan izoh olish uchun dastlab Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev Angrenda 11 yoshli bemor vafot etganini tasdiqladi.
«2021 yil 20 oktabr kuni Angren shahar bolalar shifoxonasining jonlantirish bo‘limida 2010 yilda tug‘ilgan G.S. ismli shaxs vafot etgan. O‘lim sababini aniqlash maqsadida Angren shahar prokurori yordamchisi L.X.Iskandarovning 20 oktyabrdagi qaroriga asosan, sud-tibbiy tekshiruvi o‘tkazilgan.
Dastlabki xulosalarga ko‘ra, marhumda hech qanday tan jarohatlari aniqlanmagan. Uning o‘limiga dori vositasi inʼeksiyasi (Tseftriakson) sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bunday xulosaga kelishga marhumning o‘ng dumba sohasida inʼeksiya izining topilishi, tanadagi qonning suyuq holatdaligi, ichki a'zolarining kamqonligi, yurak epikardida mayda nuqtachalar ko‘rinishidagi qon quyilishlar sabab bo‘lgan.
Bundan tashqari, marhumda bosh miya va o‘pka shishi, ichki a'zolar suvsizlanishi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi kabi asoratlar ham kuzatilgan. Hamroh kasalliklar sifatida nafas yo‘llari yallig‘lanishi, traxeit, bronxit, ikki tomonlama o‘pkalar yallig‘lanishi, gastroenterokolit ham qayd etilgan», deyiladi Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasida.
(Muhim eslatma: Bu dastlabki xulosalar bo‘lib, aniq natijalar sud-tibbiy ekspertizasi yakuniga yetgach aniqlanishi ko‘rsatib o‘tilgan).
Shuningdek, holat yuzasidan Angren shahar Bolalar shifoxonasi bosh shifokori M. G‘aniyeva tomonidan ham ma'lumot berilgan.
«2021 yil 19 oktabr kuni soat 20.05da Angren shahar markaziy shifoxonasiga voyaga yetmagan G.S. ismli bemor og‘ir ahvolda otasi tomonidan olib kelindi. Unda klinik o‘lim holati qayd etilgan va reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.
Qabul qilingandagi tashxis: anafilaktik shok (tseftriakson inʼeksiyasi tufayli), klinik o‘lim holati.
G.S.da dori vositasi inʼeksiyasi (Tseftriakson) natijasida bosh miya va o‘pka shishi, anafilaktik shok, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi kuzatilgan.
Kasallik tarixiga ko‘ra, bolaning uydagilari shifokor bilan maslahatlashmasdan, uyga yaqin bo‘lgan dorixonadan 5 dona «Tseftriakson» dorisini sotib olib kelgan va uy sharoitida, sinama o‘tkazmasdan mushak ichiga 1.0 gramm yuborgan. Bola to‘satdan hushini yo‘qotgan, sarosimaga tushib qolgan ota-ona uyiga yaqin masofada bo‘lgan Angren shahar bolalar shifoxonasiga zudlik bilan olib kelishgan. Bemor reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Bo‘limda kerakli tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramasdan, tonggi soat 06:55da vafot etgan», – deyiladi Kun.uz’ga taqdim qilingan ma'lumotda.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati rahbari Qizlarxon Begmatova ham bu dori vositasi qanday qilib sotuvga chiqqani va bunday vaziyat yuzaga kelgani bo‘yicha izoh berdi.
«Har qanday antibiotik yoki in'yeksion preparat zarur sinamalar o‘tkazilganidan keyingina statsionar sharoitida tibbiyot xodimlari nazorati ostida qabul qilinishi shart.
Albatta, bu dori vositasi chuqur ekspertizadan o‘tkaziladi. Lekin nega statsionar sharoitida qilinishi kerak bo‘lgan inʼeksiya uy sharoitida amalga oshirilgan? Bu albatta o‘rganilishi lozim. Ayniqsa karantin sharoitida bunga yo‘l qo‘yilmasligi lozim edi. Ayni paytda holat prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda. Ekspertlarimiz ham unga jalb qilingan. O‘rganishlar yakuniga ko‘ra qo‘shimcha ma'lumot beriladi», dedi agentlik vakili.
Abror Zohidov.
Mavzuga oid
22:40 / 07.10.2024
Angrenda ko‘mir koni kengaytirilishi sabab uylari ko‘chgan yoki buzilgan aholiga 60 mlrd so‘mdan ortiq pul to‘lanadi
09:51 / 07.07.2024
Angrenda mashinani soatiga 157 km tezlikda boshqargan ayolga chora ko‘rildi
16:12 / 06.07.2024
Angrenda ayol mashinani aholi punktida soatiga 157 km tezlikda boshqardi
13:24 / 28.06.2024