O‘zbekiston | 20:15 / 31.10.2021
29389
13 daqiqa o‘qiladi

Ekspress-testlar kimning “cho‘ntagi”? Chegaradagi mantiqsizlik bekor qilinishi kerak

O‘zbekistonga havo va temir yo‘l orqali kirib kelishda amal qiladigan koronavirusga PZR-testi “G‘ishtko‘prik” chegara punktida tan olinmayapti. Bu yerda 100 ming so‘m to‘lab, ekspress-test topshirmaguningizcha, O‘zbekistonga o‘tkazishmaydi. Kun.uz muxbiri bir nechta chegara postlarida bo‘lib, vaziyatni o‘rgandi. Natija hammani birdek taajjublantirsa ajab emas.

2021 yil 9–10 oktyabr kunlari xizmat safari bilan Qozog‘istonda bo‘ldim. Maqsad: “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona nazorat posti (Qozog‘iston–O‘zbekiston chegarasi)da O‘zbekistonga kirib kelayotgan har qanday kishidan Covid-19 ekspress-testi olinayotgani, buning uchun 100 ming so‘m undirilayotgani, PZR-test muddati o‘tmagan bo‘lsa-da, inobatga olinmayotgani haqida tahririyatga kelib tushgan bir necha shikoyatlarni o‘rganish kerak edi.

Keling, barchasini boshidan boshlaymiz.

Safar uchun tadorik 2 kun avval boshlandi. Garchi O‘zbekiston Qozog‘iston fuqarolari uchun quruqlikdan kirish imkonini taqdim etgan bo‘lsa-da, hozircha Qozog‘iston bunga nisbatan javob chorasini qo‘llashga shoshilayotgani yo‘q. Qo‘shni mamlakatga faqat va faqat havo yo‘li orqali kirib borish mumkin. Shu bois Toshkent–Almati–Chimkent yo‘nalishida 1 mln 631 ming so‘mga aviachipta xarid qilib, koronavirusga PZR-test topshirdim.

Almatiga parvoz oldidan. Soxta PZR-testlar “savdosi” haqida

Parvoz kuni, 9 oktyabrda soat 10dan o‘tganda Toshkent xalqaro aeroportiga yetib bordim. Aeroport hududida tashkil etilgan PZR-test topshirish markazida xizmat narxi 180 ming so‘m bo‘lib, natijasi 4 soatda chiqishi ma’lum bo‘ldi. Testni topshirgach, javobi chiqquniga qadar fursatdan foydalanib, soxta PZR-test tayyorlab berilayotgani haqidagi mish-mishlarga ham aniqlik kiritishga qaror qildim. Laboratoriya xodimidan shunday imkoniyat bor-yo‘qligini so‘raganimda u tashqarida turganlarga uchrashishim kerakligini aytdi.

Tashqarida barchadan ajralib turgan yigitdan PZR-test qilib berayotganlar haqida so‘ragandim, u bir avtomobilga yo‘llab qo‘ydi. 3 yigit o‘tirgan avtomobilga kirib, masalani aytdim. Bir zumda tayyor qilinadigan PZR-test sertifikati 700 ming so‘m turishini aytishdi. Savdolashib, 500 ming so‘mga ko‘ndirdim. Hech qanday tibbiy tekshiruvlarsiz 15 daqiqada test javobini qo‘limga tutqazishdi.

Soxta PZR-test Foto: Kun.uz 

“Sal shustriy bo‘lish kerak”ligi, “aks holda aviakompaniya xodimi “lox” qilib, o‘rnimga kimnidir uchirib yuborishi mumkinligi”ni aytib, beminnat maslahatlarini berishni ham unutishmadi.

Aeroport estakadasiga meni qoldirishgach, soxta PZR-test sertifikatidagi QR-kodni tekshirib ko‘rdim. Kodni skanerlaganimda mening ism-familiyam biriktirilgan allaqanday telefon raqamning kontakti kelib chiqdi. Tushunishimcha, “shovvozlar”ning metodi oddiy: duch kelgan xayoliy telefon raqamga mening ism-familiyamni biriktirishadi va bu kontaktni QR-kodga aylantirishadi. Hosil bo‘lgan QR-kodni soxta PZR-test sertifikatiga tushirishadi. Natijada sertifikatdagi kodni skanerlagan odam sertifikatning rasmiy saytdagi pdf variantiga emas, mening ism-familiyam yozilgan allaqanday telefon raqamga duch keladi.

Soxta PZR-testdagi QR-kodni skaner qilsangiz, ism-familiyangiz yozilgan begona telefon kontakt kelib chiqadi
Foto: Kun.uz 

Galdagi vazifa ayni shu sertifikat bilan meni parvozga qo‘yishlarini aniqlash edi. Bu masalaga ham sanoqli soniyalarda oydinlik kiritildi. Air Astana aviakompaniyasining meni ro‘yxatga olgan (check-in) xodimi smartfoni kamerasidan foydalangan holda soxta PZR-testni tekshirib ko‘rar ekan: “Pastdagi yigitlar yasab berishdimi?” deb so‘radi. Ha deb javob berdim. Buni qarangki, nazoratchi hech qanday chora ko‘rmay, meni o‘tkazib yubordi.

Shunday qilib, bojxona va chegara postidan o‘tib olgach, Almati tomon parvoz qildik. U yerda ishim osonroq kechdi – aeroportga kiraverishdagi Qozog‘iston “SES” xodimlari unchalik ham sinchkovlik qilishmadi, skaner ham qilib o‘tirishmadi. Albatta, ularga PZR sertifikatning originalini taqdim etgandim.

Almatidan shu kunning o‘zida Chimkentga yetib bordim. O‘zbekiston bilan meni atigi 120 km masofa ajratib turibdi...

Nihoyat O‘zbekiston–Qozog‘iston o‘rtasidagi chegaraga yetib keldim va Qozog‘iston chegarasidan eson-omon o‘tib oldim. Meni o‘zimizning chegarachi xodim kutib oldi va pasportimni ko‘rib, keyingi manzilga o‘tkazib yubordi.

Bir necha qadamdan so‘ng, odamlar gavjum joyga yetib keldim. Sezishimcha, bu yer aynan men ko‘zlagan manzil edi. Bir qancha fuqaro “kassa” deb yozilgan joyda navbatda turibdi. O‘zbekistonga kirib kelayotgan fuqarolardan Covid-19'ga tahlil olish uchun alohida darchalar tashkil etilgan. Ro‘yxatxonada fuqarolar qayd qilinmoqda.

Dastlab, shu joydagi laboratoriya rahbari deb tanishtirilgan kishiga uchrashdim va unga masalani tushuntirdim. Qozog‘istonga borganimga 1 kun bo‘lgani, PZR-testi sertifikati borligi va unga 72 soat bo‘lmagani, shu sertifikat nega tan olinmasligini so‘radim. U Maxsus komissiya yig‘ilishining bayoni borligi, unda quruqlikdagi chegara postlari orqali kirib kelayotgan fuqarolar PZR-testi sertifikatiga ega bo‘lishlariga qaramay, ekspress-test topshirishlari belgilanganini aytarkan, meni darchaga osilgan varaqdagi yozuvlarni o‘qishga undadi.

Darchaga osilgan hujjat – Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishining 2021 yil 19 iyuldagi 01-07/-234 sonli bayoni edi. Unda nimalar deyilgan edi:

“Belgilansinki:

a) tashrif buyurayotgan shaxsda PZR-testning manfiy natijasi bo‘lishidan qat’i nazar, ulardan mazkur bayonning 3-bandi 1-xatboshisida nazarda tutilgan tartibda ekspress-test olinadi.

b) koronavirus infeksiyasiga ekspress-test natijasi musbat chiqqanda:

chet el fuqarolari (O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari bundan mustasno) va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar (O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bundan mustasno) O‘zbekiston Respublikasiga kiritilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tegishli hududda joylashgan koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalariga joylashtiriladi yoki uy sharoitida davolanishga yo‘naltiriladi”.

Foto: Kun.uz 

Shundan keyin ro‘yxatga olish va tahlil olish darchalarida ham Qozog‘istonga o‘tganimga 1 kun bo‘lgani, PZR-testi sertifikatiga esa 48 soat bo‘lmagani haqida gapirdim. Hatto Moderna vaksinasi bilan emlanganim haqida ham aytdim, sertifikatimni ko‘rsatdim. Foydasi bo‘lmadi.

Chegara postiga borib, pasport nazoratidagi yigitlarga kuchini yo‘qotmagan PZR-testi sertifikati borligini bildirdim, ular esa ekspress-test topshirish zarurligi yoxud sanitariya-epidemiologik osoyishtalik nazorati mudiri muhr bilan ruxsat bersagina, o‘ta olishim mumkinligini ta’kidlashdan nariga o‘tmadi.

Kassada ham bu “nomerim” o‘tmadi. Xullas, “taqdirga tan berib”, 100 ming so‘m to‘lashga majbur bo‘ldim. Yarim soatlarda test natijasi chiqishini aytishdi.

Qo‘limga tutqazilgan to‘lov chekidan bu xizmatni “Tibbiyot dunyosi” MChJ ko‘rsatayotganini angladim.

Bo‘sh vaqtdan foydalanib, atrofni o‘rganishga kirishdim. “Tibbiyot dunyosi” klinikasi banneriga ham ko‘zim tushdi.

Shu orada punkt xodimi ekspress-test javoblarini printerdan chiqarib kelib, ism-shariflarni e’lon qila boshladi. Chegarani kesib o‘tgan fuqarolar tezda natijani olib chegara nazorat posti tomon yo‘l olishdi. Men shu yerda e’tiroz bildirdim, negaki, manba bilan ishlayotgan, shuncha odam bilan kontaktda bo‘layotgan xodimning o‘zi niqobsiz, qo‘lida bir marotabalik tibbiy qo‘lqop ham yo‘q edi.

Men ham ism-sharifi chiqmagan boshqalar qatori navbatimni kuta boshladim. Bu orada kutish joyi yana odamlar bilan to‘ldi. 10 daqiqalar o‘tgach, laboratoriya xodimi bu safar yuzida niqob bilan chiqib, test natijalarini tarqata boshladi.

Mening ham test natijam berildi. Albatta, manfiy chiqishi aniq edi. Chunki birinchidan, manfiy natijaga ega PZR-test olganimga endi bir kun bo‘lgandi. Ikkinchidan, koronavirusni yuqtirgan taqdirimda ham, u faol bosqichga o‘tmaguncha, 1 kun ichida aniqlash imkoni bo‘lmasligini mutaxassislar juda yaxshi bilishadi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mulozimining Kun.uz'ga aytishicha, ekspress-test orqali koronavirusni aniqlash imkoni yo‘q. Qolaversa, virusning 14 kunlik yashirin davri hali ilmiy jihatdan inkor etilgani ham yo‘q. Koronavirusni kecha, bugun yoki 1 hafta oldin yuqtirgan odam ekspress-test topshirgan taqdirda ham natija musbat chiqmaydi.

Qolaversa, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, hukumat raisi Abdulla Aripov prezident rahbarligidagi yig‘ilishlardan birida, mutaxassislar ekspress-test koronavirusni aniqlashda samarasiz degan to‘xtamga kelgani, shu bois Aripovning o‘zi ekspress-test olishga barham berish bo‘yicha ko‘rsatma berganini ta’kidlagan.

Xullas, Jibek Jolu-G‘ishtko‘prik chegara bojxona postidan salkam 1 soatda o‘tib oldim. O‘rtacha bir fuqaro chegarani kesib o‘tish uchun ekspress-test topshirish bilan 45 daqiqalar sarflamoqda.

G‘ishtko‘prik chegara-bojxona postida xizmat o‘tayotgan xodim kuniga 750–800 kishi mazkur post orqali O‘zbekistonga kirib kelayotganini aytdi. Demak, ularning har biri aslida samarasiz bo‘lgan ekspress-test uchun 100 ming so‘mdan to‘layotgan bo‘lsa, bu kuniga 75–80 mln so‘mni, bir oyda qariyb 2,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Bu tartib boshqa chegara postlarida yo‘q

Xo‘sh, “G‘ishtko‘prik”dagi singari laboratoriya barcha quruqlikdagi chegara-bojxona postlarida ham bormi?

Bu savolga oydinlik kiritish maqsadida 14–16 oktyabr kunlari xizmat safari bilan qo‘shni Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalarida ham bo‘ldim. Taassurotlar talaygina, biroq ularning faqat mavzuga doir qismiga to‘xtalamiz.

Yana bir bor PZR-sertifikat uchun namuna oluvchi punktga borib, sertifikatni oldim va Bekobod tomon yo‘lga chiqdim. Maqsadim “Oybek” chegara bojxona posti orqali Tojikistonga o‘tib, bu sertifikat O‘zbekistonga qaytishda amal qilishi yoki qilmasligini aniqlash edi.

Chegaradan o‘tgach, Xo‘jandda tunab, ertasiga ortimga qaytdim. “Oybek” postida ekspress-test olish uchun maxsus laboratoriya qilingan, biroq u neytral hududda emas, balki bojxona nazoratidan o‘tgandan keyin tashkil etilgan. Umuman olganda, PZR sertifikatiga ega kishilar, ular xoh O‘zbekiston, xoh Tojikiston yoki boshqa davlat fuqarolari bo‘lsin, qarshiliksiz yoxud ortiqcha ovoragarchiliklarsiz, qo‘shimcha ekspress-test topshirmasdan, qo‘shimcha xarajat qilmasdan chegarani kesib o‘tmoqda.

“Oybek” posti orqali O‘zbekistonga o‘tib, vodiy orqali qo‘shni Qirg‘izistonning O‘sh viloyatiga yo‘l oldim. “Do‘stlik” chegara postidan o‘tishda ham qo‘limdagi PZR-testi sertifikatidan foydalandim.

O‘sh shahrida tunagach, sertifikat muddati tugashiga 6 soat qolganda O‘zbekistonga kirib keldim. Bu yerda ham ko‘chma laboratoriya tashkil etilgan. Ayrimlar 130 ming so‘m to‘lab, ekspress-test topshirmoqda. Chegara nazoratiga yetmasdan, meni tibbiyot xodimi kutib oldi va sertifikatim bilan tanishdi hamda muddati o‘tganini bildirdi. 6 soat vaqti borligini aytganimdan so‘ng, chegaradan qaytarib yuborishlari mumkinligidan ogohlantirdi. Men, chegarachilar muddati o‘tmagan sertifikat bilan meni qaytarishsa, ekspress-test topshirishga tayyorligimni bildirdim. Ammo chegarachi sertifikatni ko‘rib, O‘zbekistonga kirishimga ruxsat berdi.

Xulosa o‘rnida

“G‘ishtko‘prik” postida, PZR-test sertifikati bor-yo‘qligidan qat’i nazar, har bir kishidan olinayotgan 100 ming so‘m, aniqki, kimlarningdir cho‘ntagini qappaytirmoqda. Bu amaliyotga imkon qadar tezroq barham berilishi kerak, chunki bu shundog‘am pandemiya davrida ham moddiy, ham ma’naviy tomondan qiynalgan xalqdan ortiqcha pul undirishdan boshqa narsa emas.

Maxsus komissiya esa bu masalaga uzil-kesil nuqta qo‘yishi zarur.

Tolib Rahmatov,
Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi – Sherzod Egamberdiyev.

Mavzuga oid