O‘zbekiston | 11:29 / 02.11.2021
12018
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xorijdagi muxolifatni eshitishga va vatanga qaytsa, qo‘llab-quvvatlashga tayyor – Abdulaziz Komilov

Abdulaziz Komilov hukumat xorijdagi muxolifatni eshitishga hamda ular vatanga qaytib xizmat qilishni xohlashsa, ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini aytdi. Vazir O‘zbekistonda ularga nisbatan hech qanday tahdidlar yo‘qligini ta'kidladi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

22 oktabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Rossiyaning bir qancha nashrlariga intervyu berdi. Suhbatda NTV muxbiri xorijda O‘zbekistonning tizimlashmagan muxolifati qanday g‘oyalarni ilgari surishi va jamiyat ularni qanday qo‘llab-quvvatlashi haqida savol berdi.

«O‘zlarini muxolifat deb hisoblaydigan kishilar guruhi haqida gapiradigan bo‘lsak, ularning asosiy qismi bugungi kunda xorijda. Bu insonlar O‘zbekistonni siyosiy yoki shaxsiy qarashlari kabi turli sabablar bilan tark etgan. Ularning ko‘pchiligi o‘zlarini muxolifat vakili sifatida ko‘rsatishga urinmoqda. Bu ularga ma'lum status, moddiy va moliyaviy yordam olib turish imkonini beradi.

Biz ba'zida ushbu «muxolifat» vakillardan mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi uchun nimalar qilish mumkinligi borasida rejalarni eshitib qolamiz. Lekin, ko‘pincha ular tomonidan O‘zbekistonga umuman konstruktiv bo‘lmagan tanqidlar aytiladi. Menimcha bu – muxolif kayfiyatdagi munosabat emas, balki ko‘proq O‘zbekistondan uzoqda joylashgan o‘z shaxsiyatini ko‘proq namoyish qilish xohishi bilan bog‘liq», dedi Komilov.

Shuningdek, O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi muxolifatni eshitishga tayyorligini bildirganini ma'lum qildi.

«Davlat rahbari o‘z chiqishlarida bir necha marta ularning fikrini eshitishga tayyorligimizni, agar qaytib o‘z vataniga xizmat qilishni xohlashsa, ularni qo‘llab-quvvatlashimizni aytdi. Ularga nisbatan hech qanday tahdidlar yo‘q.

Shuning uchun men [ularni] nafaqat tizimlashmagan, balki tarqoq va alohida shaxslardan iborat deb aytgan bo‘lardim. Ko‘p hollarda ular bir-birlari bilan o‘zaro bog‘lanmagan, o‘zlarining orasida xorijdagi muxolifat ichidagi birinchilik uchun musobaqa ketadi», deya qo‘shimcha qildi Abdulaziz Komilov.

Mavzuga oid