Iqtisodiyot | 15:57 / 03.11.2021
14262
3 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiy o‘sish darajasi 2022 yilda 5,5-6,5 foiz bo‘lishi prognoz qilinmoqda – Markaziy bank

Markaziy bank prognozlariga ko‘ra, transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 2022–2024 yillarda yillik 10-12 foizga, 2022 yilda eksport (oltinsiz) hajmi 20-25 foizga, import hajmi 10-12 foizga ortishi kutilmoqda.

Foto: depositphotos.com

Markaziy bank «Pul-kredit siyosatining 2022 yil va 2023–2024 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari»ning dastlabki konseptual loyihasini ma'qulladi.

Unga ko‘ra:

Eksport va import

Tashqi talabning ortib borishi, asosiy eksport tovarlari bo‘yicha narxlarning qulay shakllanishi va real samarali almashuv kursining fundamental trend doirasida tebranishi fonida eksport (oltinsiz) hajmi 2022 yilda 20-25 foizga, 2023–2024 yillarda 15-22 foiz atrofida o‘sib borishi prognoz qilinmoqda.

Bunda kelgusi yilda ham birja tovarlari narxlarining ijobiy kutilmalari sababli rangli metallar va tekstil mahsulotlari eksportining yuqoriroq sur'atlarda o‘sishi aytilgan.

O‘z o‘rnida ichki ishlab chiqarish hajmining ortishiga mutanosib ravishda import hajmi ham o‘sib boradi. Import hajmining 2022 yilda 10-12 foiz, 2023 yilda 13-17 foiz, 2024 yilda 9-10 foiz atrofida o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Import tarkibida mashina va uskunalar importining yuqori ulushi saqlanib qoladi va o‘rta muddatli istiqbolda xomashyo importi oshib boradi.

Pul o‘tkazmalari

Asosiy savdo hamkorlarda iqtisodiy o‘sish sur'atlarining tiklanishi va milliy valutalari almashuv kursining barqaror bo‘lishi, o‘z navbatida, transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining 2022–2024 yillarda yillik 10-12 foizga ortishiga xizmat qilishi mumkin. Bunda Rossiya va Qozog‘istondan pul o‘tkazmalarining jami ulushi yuqori bo‘lib, pul o‘tkazmalari hajmi ko‘p jihatdan ushbu davlatlarda makroiqtisodiy jarayonlarning shakllanishiga bog‘liq bo‘ladi.

Ichki iqtisodiy o‘sish

Iqtisodiy o‘sish darajasi 2022 yilda 5,5-6,5 foiz, 2023–2024 yillarda 6 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Asosiy ssenariy doirasida iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashning drayveri sifatida xususiy ichki va tashqi investitsiyalar va iqtisodiyot tarmoqlarida amalga oshiriladigan tarkibiy islohotlar qaralmoqda.

Asosiy kapitalga yo‘naltiriladigan investitsiyalar hajmi 2022 yilda 6,3-8,4 foizga, 2023 yilda 8,5-10,3 foizga o‘sishi va 2024 yilda ushbu o‘sish sur'atlari 9,4-11,2 foizgacha yetishi prognoz qilinmoqda.

Shuningdek, neft narxining (Brent markasi) 2022–2023 yillarda 1 barreli uchun o‘rtacha 65-80 dollar doirasida shakllanishi kutilmoqda. Bu o‘z navbatida, ichki bozorda yoqilg‘i mahsulotlari narxi shakllanishida asosiy omil bo‘ladi va benzin narxlarining hozirgiga nisbatan arzonlashishiga olib kelishi mumkin.

Mavzuga oid