Jahon | 16:22 / 04.11.2021
3329
3 daqiqa o‘qiladi

Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvi talablariga muvofiq 130 trln dollar sarmoya kiritiladi

BMT iqlim masalalariga bag‘ishlangan konferensiyasining to‘rtinchi kuni iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va yangi sharoitlarga moslashish uchun qabul qilinishi kerak bo‘lgan choralarni moliyalashtirish masalalariga bag‘ishlandi. Asosiy maqsad – isishni Tselsiy bo‘yicha 1,5 daraja chegarasida ushlab turish.

Climate Visuals Countdown/R.Puke

BMTning iqlim bo‘yicha maxsus elchisi Mark Karni o‘z faoliyatida Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvi talablarini hisobga olishga rozi bo‘lgan bank, sug‘urta va sarmoya kompaniyalari, shuningdek, boshqa korporatsiyalarning 500 nafarga yaqin vakillarini 3 noyabr kuni Glazgoda to‘pladi.

Aniq majburiyatlar

Forum ishtirokchilari global investitsion kapitalning 40 foizi, ya'ni 130 trln dollar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashi sohasidagi maqsadlar uchun sarflanishini e'lon qilishdi. “Bugungi kunning asosiy yutug‘i aniq moliyaviy majburiyatlardir, bu esa quruq gap emas”, - deya o‘z fikrini bildirdi Angliya bankining sobiq boshqaruvchisi, BMT vakili Mark Karni.

“Ya'ni, zararli chiqindilarning atmosferaga chiqarilishini qisqartirishga va'da bergan kompaniyalar o‘z loyihalari moliyalashtirilishiga ega bo‘lishadi, qolganlar esa yo‘q”, - deya oydinlik kiritdi u.  

BMTda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga xususiy mablag‘ni kiritish qay darajada muhim ekani, faqat shu yo‘l bilangina real o‘zgarishlarga erishish mumkinligi haqida bir necha marta aytilgan. “Bugungi kunga qadar yashil iqtisodiyotga o‘tishni moliyalashtirish uchun pul yetmayotgandi”, - deya eslatdi Karni.

Yangi davr

Forumda ishtirok etgan yirik moliyaviy kompaniya rahbarlari u yoki bu loyihaga sarmoya kiritish borasida qaror qabul qilayotganda birinchi navbatda uning atrof-muhitga ta'sirini baholash orqali biznes sohasida yangi davrni ochishga va'da berishdi. “Biz bu yerda tom ma'noda yangi sanoat yaratyapmiz va iqlim choralariga ustuvorlikni bergan holda mazkur sanoat uchun yangi qoidalarni ishlab chiqyapmiz”, - dedi Morgan Stanley kompaniyasida barqaror iqtisodiyot masalalari bilan shug‘ullanuvchi Endryu Choy.

Jamoat mablag‘lari

Iqlim maqsadlarini amalga oshirish uchun davlat mablag‘lari ajratilishi esa kechikmoqda. Iqlim bo‘yicha 2009 yilda o‘tkazilgan 15-konferensiya ishtirokchilari 2020 yildan boshlab har yili rivojlanayotgan mamlakatlar 100 mlrd dollar ajratishiga rozilik berishgandi. Endilikda bu muddat ortga surildi. Qancha vaqtga?

BMT vakillari ehtiyotkorona optimizm bilan joriy 26-konferensiya yakuniga kelib, to‘lovlar 2022 yilda boshlanadi deyish mumkin bo‘ladi, degan taxminni bildirishdi. Yangi majburiyatlarni AQSh, Yaponiya, Avstraliya, shuningdek, Ispaniya, Irlandiya va Lyuksemburg o‘z zimmasiga oldi.

Mavzuga oid