Jahon | 21:33 / 05.11.2021
21354
5 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreyaga ocharchilik xavf solmoqda

Shimoliy Koreyadagi oziq-ovqat ta'minoti bilan bog‘liq asosiy muammo qishloq xo‘jaligida zamonaviy asboblar yetishmasligi va iqlim o‘zgarishining ayanchli ta'siri bilan izohlanmoqda.

Foto: AFP/Johannes Eisele

Janubiy Koreyaga o‘tib ketgan qochqinlarning ma'lum qilishicha, Koreya yarimorolining shimolidagi oilalar ochlik bilan yuzma-yuz kelishmoqda. Qish yaqinlashar ekan, zaif odamlarning ochlikdan o‘lib qolish xavotir va xatarlari ortmoqda.

Shimoliy Koreyada manbalariga ega Daily NK gazetasi bosh muharriri Li Sang Yongning ma'lum qilishicha, mamlakatda yetim bolalar soni ortgan, o‘lim holatlari ko‘paygan.

«Shimoliy Koreyadagi quyi tabaqalar tobora ko‘proq azob chekmoqda, chunki oziq-ovqat tanqisligi kutilganidan ham yomonroq», deydi Li Sang Yong.

Covid-19 sabab mamlakat chegaralari yopilishi natijasida Shimoliy Koreyadan ma'lumot olish qiyinlashib ketgan.

Ruxsatsiz uyali telefon bilan ushlangan har bir kishi mehnat lageriga tashlanishi mumkin. Shunga qaramay, ba'zilar hanuz o‘z yaqinlariga va Seuldagi nashrlarga xat yoki ovozli pochta xabari yuborishga harakat qilishmoqda.

«Har bitta guruch donasi qadrlanadi»

Shimoliy Koreya ancha paytdan beri oziq-ovqat taqchilligi bilan kurashib keladi, ammo pandemiya shundog‘am og‘ir vaziyatni yanada yomonlashtirdi. Mamlakat rahbari Kim Chen In hozirgi vaziyatni 1990-yillarda yuz minglab odamlar halokatiga sabab bo‘lgan dahshatli ofat bilan qiyoslagan.

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In
Foto: Reuters

Ba'zi umid beruvchi belgilar mavjud. Shimoliy Koreya Xitoy bilan chegarani qayta ochishga tayyorlanayotganga o‘xshamoqda, ammo qashshoq mamlakatga yetkazilgan iqtisodiy zararni qoplash uchun qancha yordam kerakligi noma'lum.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Shimoliy Koreya kamida 2-3 oy oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekishi mumkin.

Xabarlarga ko‘ra, Kim Chen In mamlakatdagi har bir guruch donining xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

«Yig‘im-terim jarayonida yo‘qotishlarni minimallashtirish uchun reja ishlab chiqilgan. Unda o‘g‘rilik yoki firibgarlik holatlari qayd etilsa, qattiq jazo qo‘llanishi belgilangan. Bu qo‘rquv muhitini yaratmoqda», deyiladi Daily NK gazetasida.

Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati (NIS) ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan parlament yig‘ilishida Kim Chen In mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy vaziyat tufayli o‘zini «yupqa muz ustida yurayotganday» his qilayotganini aytgan.

Shuningdek, dori-darmon yetishmasligi sabab yuqumli kasalliklar tarqalishi ham tezlashgan.

Asosiy muammo nimada?

Shimoliy Koreya oziq-ovqat ta'minoti bilan bog‘liq ikki asosiy muammoga duch kelmoqda.

Birinchisi, texnikalarning asosiy qismi harbiy sohaga qaratilgan. Qishloq xo‘jaligi zamonaviy asboblar bilan ta'minlanmagan.

Foto: Reuters

Shimol va Janubni ajratib turadigan qurolsizlantirilgan hudud yaqinidagi Paju shahrida yashovchi janubiy koreyalik fermerning aytishicha, mashinalar yordamida guruch dalalarida janubda 1 soatda bajariladigan ishlar shimolda qo‘l mehnati bilan bir haftada qilinmoqda.

Ikkinchisi, AQSh razvedka agentligining ma'lumotlari bo‘yicha, Shimoliy Koreya global iqlim isishi eng ko‘p ta'sir qiladigan 11 davlatdan biri. Har yili toshqin, musson yomg‘irlari va tayfun sabab ko‘p hosil nobud bo‘ladi.

Prognozlarga ko‘ra, kelgusi yillarda vaziyat yanada yomonlashadi va ayniqsa guruch ishlab chiqarish qurg‘oqchilik va suv toshqinlari ta'sirida jiddiy ziyon ko‘radi.

Tashqi dunyo bilan kamdan kam aloqada bo‘ladigan Pxenyanning iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit ifloslanishi bo‘yicha xalqaro muzokaralar jarayonida faol qatnashishini ham shu bilan izohlash mumkin.

Xitoy bilan savdo-sotiq tiklanib, chegaradan tovarlar yana oqib kirishi muammoni qisman yumshatsa-da, mamlakat har yili iqlim o‘zgarishining ayanchli oqibatlari bilan kurashishiga to‘g‘ri keladi.

Yashil iqlim jamg‘armasining 2019 yilgi hisobotiga ko‘ra, 2050 yillarga borib Shimoliy Koreyada yillik o‘rtacha harorat hozirgiga nisbatan 2,8-4,7 darajaga oshishi kutilmoqda.

Mavzuga oid