O‘zbekiston | 16:45 / 05.11.2021
5893
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda «Yashil makon» loyihasi start oldi, hokimlar daraxt ekdi

Xorazm viloyatida ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarini ko‘zda tutuvchi «Yashil makon» loyihasi doirasidagi ishlar boshlandi.

Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu umummiliy loyiha doirasida hududlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga yetkazish maqsadida daraxt ekish bo‘yicha dolzarb 40 kunlikni e'lon qilgan edi.

Foto: Hazorasp tumani hokimi O‘ktam Masharipov. Hazorasp tumani hokimligi matbuot xizmati

Hazorasp tumanida loyihani hokim O‘ktam Masharipov boshlab berdi. Uning boshchiligida tuman markazida va magistral yo‘llar bo‘ylab 250 tup Xorazm gujumi (qayrag‘och) va 200 tup sakura daraxti ko‘chati ekildi.

Foto: Bog‘ot tumani hokimi Shavkat Yaxshiboyev. Bog‘ot tumani hokimligi matbuot xizmati

Bog‘ot tumani hokimi Shavkat Yaxshiboyev boshchiligida «Navro‘z» mahallasida qayrag‘och, shumtol, katalpa, sakura, terak va boshqa ko‘chatlar ekildi. Tuman rahbari aholiga murojaat qilib, har bir xonadon ahlini kamida 15 donadan 25 donagacha mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekishga chaqirdi.

Foto: Xiva tumani hokimi Hurmat Matrasulov. Xiva tumani hokimligi matbuot xizmati

Xiva tumani hokimi Hurmat Matrasulov ham tadbirda ishtirok etib, daraxt ko‘chatlarini ekdi. Tumanda bir kunda 380 dan ortiq daraxt ko‘chatlari ekilgani haqida xabar berildi.

Foto: Urganch shahar hokimi Oybek Xolboyev. Urganch shahar hokimligi matbuot xizmati

Urganch shahar hokimi Oybek Xolboyev ham loyiha doirasida daraxt ko‘chatlarini ekdi.

Foto: Shovot tumani hokimi Hakimboy Otaxonov. Xorazm viloyati ekologiya boshqarmasi

Shovot tumani hokimi Hakimboy Otaxonov tadbirda ishtirok etib, daraxt ko‘chatlarini ekdi.

«Yashil makon» loyihasi doirasida Xorazm viloyatida 14 million tup daraxt ekish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid