Jahon | 15:34 / 06.11.2021
6775
2 daqiqa o‘qiladi

Gruziya xavfsizlik xizmati Saakashvili davlat to‘ntarishini amalga oshirishni rejalashtiryapti deb hisoblamoqda

Mgeladzening so‘zlariga ko‘ra, namoyishchilar parlament, hukumat ma'muriyati, prezident ma'muriyati, adliya va ichki ishlar vazirliklari binosini egallashni hamda Saakashvili jazo o‘tayotgan Rustavi qamoqxonasiga olib boradigan yo‘llarni to‘sishni rejalashtirgan.

Foto: EPA-EFE/Remko de Waal

Sobiq prezident Mixail Saakashvilini qo‘llab-quvvatlash uchun norozilik namoyishi o‘tkazmoqchi bo‘lganlar davlat muassasalari binolarini egallashni rejalashtirmoqda. Saakashvili qamoqxonadan turib davlat to‘ntarishiga boshchilik qilmoqda, dedi Gruziya davlat xavfsizlik xizmati vakili Bacha Mgeladze.

“6 noyabrdan buyon ayrim siyosiy guruhlar Rustavi qamoqxonasi yonida aksiyalar o‘tkazishni o‘ylamoqda, ularga partiyaning regionlardagi tarafdorlari ham kelib qo‘shiladi. Bundan tashqari, Tbilisi shahrida ham norozilik aksiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Operativ ma'lumotga ko‘ra, aksiya tashkilotchilari davlat muassasalarini egallashni rejalashtirmoqda. Hokimiyatni kuch bilan egallab olishga qaratilgan bu harakatlar mahkum Mixail Saakashvili tomonidan qamoqxonada turib rejalashtirilmoqda”, - dedi Mgeladze.

Mgeladzening so‘zlariga ko‘ra, namoyishchilar parlament, hukumat ma'muriyati, prezident ma'muriyati, adliya va ichki ishlar vazirliklari binosini egallashni hamda Saakashvili jazo o‘tayotgan Rustavi qamoqxonasiga olib boradigan yo‘llarni to‘sishni rejalashtirgan. Uning ma'lumot berishicha, namoyishchilarga kuch ishlatish tuzilmalarining sobiq xodimlari ham qo‘shilishi, tashkilotchilar amaldagi xodimlarni ham o‘z tomonlariga og‘dirishi ko‘zda tutilgan.

Saakashvili 29 sentyabrda Ukrainadan Gruziyaga yashirincha kelgan. U 1 oktyabrda Tbilisida qo‘lga olingan. Unga vatanida bir nechta jinoiy ish ochilgan. Ularning ikkitasi bo‘yicha sobiq prezidentga 3 yillik va 6 yillik qamoq jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid