Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Alifbo islohoti bo‘yicha Respublika ishchi guruhining kengaytirilgan yig‘ilishi kelgusi haftada o‘tkazilishi kutilmoqda
1 noyabr kuni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi muhokamasining uzaytirilgan muddati yakuniga yetdi.
Xo‘sh, o‘tgan olti oy davomida alifbo borasida qanday xulosaga kelindi? U qachon jamoatchilikka e'lon qilinadi? Olimlar xulosasidan keyingi jarayonlar-chi, u qanday kechadi?
Kun.uz muxbiri shu kabi savollar yuzasidan Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev bilan bog‘landi.
Departament mudiriga ko‘ra, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha muhokamalar yakuniga yetgan va keyingi hafta O‘zbekiston olimlarining bu borada kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
«Olimlarda hamon har xil fikr bor. Biri unday desa, biri bunday deydi. Tegma, deyotganlar ham bor. Lekin shunisi aniqki, alifboni qulay ko‘rinishga keltirish uchun 3-4 ta harf o‘zgarishi kerak. Bu juda katta muammo bo‘lmaydi.
Biz har bir olimning fikrini olamiz. Endilikda butun respublika bo‘yicha olimlarning so‘nggi yig‘ilishini o‘tkazib, yakuniy qarorga kelish qolyapti. Biz hozir yig‘inga keladigan olimlar ro‘yxatini shakllantiryapmiz.
Yakuniy qaror bo‘yicha esa qonun loyihasi tayyorlanadi va u parlament muhokamasiga kiritiladi», – dedi Abdug‘affor Qirg‘izboyev.
Ma'lumot uchun, 2021 yilning 3 mart kuni «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi.
Loyiha muhokamasi bo‘yicha belgilangan dastlabki muddat davomida (16 martdan 31 martga qadar) loyihani 26 mingdan ziyod kishi ko‘rib, 1035 ta fikr qoldirgan. Takliflarning 56 foizi (547 tasi) lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining isloh qilinishini, 32 foizi (302 tasi) esa amaldagi alifboda qolishni yoqlagan.
Keyinchalik, Davlat tilini rivojlantirish departamenti qonun loyihasi muhokamasi muddatini yana olti oyga uzaytirdi.
Bu esa «Respublika ishchi guruhining lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini har tomonlama puxta, keng jamoatchilik fikr-mulohazalari va takliflarini chuqur o‘rgangan holda takomillashtirish maqsadida», deya izohlandi.
Mavzuga oid
20:05 / 05.07.2023
Shavkat Mirziyoyev: Alifbomizni takomillashtirish bo‘yicha ishlarni yakuniga yetkazishimiz zarur
15:28 / 25.10.2022
Turkiy davlatlar uchun yagona alifbo: O‘zbekiston qanday yo‘l tutishi kerak? - Ulug‘bek Hamdam bilan suhbat
18:45 / 24.10.2022
Turkiy davlatlar yagona alifbo yaratish masalasini muhokama qiladi
15:58 / 19.11.2021