Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Hujum chizig‘imiz yaxshi ko‘rinishda, ammo himoyada katta muammolar bor». Srechko Katanets milliy jamoa tarkibi, kimlar kela olmasligi va Gruziya haqida
Bugun, 8 noyabr kunidan boshlab Srechko Katanets murabbiyligidagi O‘zbekiston milliy jamoasi Toshkentda yig‘in boshladi. FIFA kunlari doirasidagi Gruziyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarga futbolchilar kelib qo‘shilmoqda. Sloveniyalik murabbiy yig‘in oldidan jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
- Janob Katanets, o‘rtoqlik o‘yini uchun Gruziya milliy jamoasini kim tanladi va tarkib bo‘yicha xulosalaringiz qanday?
- Raqibni O‘FA bilan maslahatlashgan holda aniqlaymiz. Gruziya milliy jamoasini juda yaxshi raqib deb hisoblayman. Bu biz uchun yaxshi sinov bo‘ladi. O‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish uchun bizda mashg‘ulotlarga yetarlicha vaqt mavjud. Tarkib haqida gapiradigan bo‘lsak, markaziy himoya chizig‘ida muammolar bor. Rustam Ashurmatov viza muammosi sababli yig‘inga qo‘shila olmadi. Shahboz Umarov esa koronavirus yuqtirib olgani tufayli kela olmaydigan bo‘ldi. Qo‘l ostimizda mavjud o‘yinchilar bilan bahsga tayyorgarlik ko‘ramiz.
- Tarkibdagi yangi futbolchilardan kimlarni alohida ko‘rsatgan bo‘lardingiz?
- Barcha yosh o‘yinchilarni ko‘rsatishim mumkin. Bu yerga kelishimdan oldin Eldor Shomurodov, Jaloliddin Masharipov va yana ba'zi o‘yinchilarni bilardim. Milliy jamoaga chaqirilgan yosh o‘yinchilarning barchasi men uchun yangilik. Biz ularga vaqt berib, xato qilsa ham, imkon berishda davom etishimiz kerak. O‘shandan keyin ular jamoaga moslashib, o‘yinimizni kuchaytirib berishi mumkin.
- Hujum chizig‘ida raqobat kuchayib bormoqda. Umuman milliy jamoadagi hujumchilarning sermahsulligi haqida fikringiz?
- To‘g‘ri, ayni paytda hujum chizig‘imiz yaxshi ko‘rinishda deyishimiz mumkin, ammo biz alohida o‘yinchilarga tayanib emas, butun jamoani shakllantirishimiz kerak. Hujum chizig‘imiz yaxshi holatda bo‘lsa ham, himoya chizig‘i haqida bunday deya olmayman. Himoyada katta muammolarimiz bor va uni bartaraf etib, yaxlit jamoani yaratishimiz kerak, - deya O‘zbekiston bosh murabbiyi Srechko Katanetsning so‘zlarini keltirmoqda Tribuna.uz muxbiri.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi yig‘ini OFK kalendariga muvofiq, 8-16 noyabr kunlari o‘tkaziladi. O‘zbekiston milliy jamoasi ushbu muddat mobaynida dastlab Toshkentda, keyinchalik esa Gruziya poytaxti Tbilisida o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazadi. Xorijdagi yig‘in doirasida 15 noyabr kuni O‘zbekiston Gruziyaga qarshi Tbilisida bahs o‘tkazadi. O‘rtoqlik o‘yini «Boris Paichadze» stadionida soat 19:00da boshlanishi belgilangan.
Mavzuga oid
22:26 / 03.06.2026
220 ta maktabda O‘zbekiston milliy jamoasi o‘yinlari katta ekranda namoyish etiladi
08:20 / 02.06.2026
O‘zbekiston o‘rtoqlik o‘yinida Kanadaga yutqazdi
20:44 / 01.06.2026
Birinchi jiddiy sinov - milliy jamoa Kanada bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi
23:45 / 24.05.2026