O‘zbekiston | 09:59 / 08.11.2021
12582
2 daqiqa o‘qiladi

Koreyaga bormoqchi bo‘lgan migrantlarga qo‘yiladigan talablar ro‘yxati e'lon qilindi

Foto: Kun.uz

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Koreya Respublikasida ishlashni rejalashtirayotgan fuqarolarga maxsus ma'lumot bilan chiqdi.

Koreya Bandlik va mehnat vazirligi rasmiy bayonotiga ko‘ra, joriy yilning noyabr oyi oxirida ishchi kuchi jo‘natuvchi barcha davlatlar, shu jumladan O‘zbekistondan Ye-9 ishchi vizasi bilan mehnat migrantlarini qabul qilish jarayoni tiklanishi rejalashtirilgan.

Buning uchun fuqarolardan:

  • Koreya Respublikasida tan olingan vaksinalar (Astrazeneca, Moderna, Pfizer, Sinovac, Sinopharm, Janssen)dan biri bilan Koreya Respublikasiga kirib borishdan kamida 14 kun oldin to‘liq emlangan bo‘lishi;
  • Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tan olingan laboratoriyalar (Korea No 1 Laboratory, SWISS LAB, De Factum Laboratories, INTERMED Innovation)dan birida Koreya Respublikasiga kirib borishdan oldin 72 soat ichida PsR test topshirgan va test natijasi manfiy bo‘lishi talab etiladi.

Shuningdek, Koreya Respublikasiga kirib borgan mehnat migrantlari avvalgidek 14 kun emas, balki 10 kunlik karantin davrini o‘tashi lozim bo‘ladi.

Koreya Inson resurslarni rivojlantirish xizmatining ma'lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasidan mehnat migrantlarining Ye-9 ishchi vizasi bilan kirib borish tartibi va soni bo‘yicha ma'lumot Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi “EPS” markazi orqali qo‘shimcha yetkaziladi.

Avvalroq, Koreya mehnat migrantlari uchun cheklovlarni bekor qilishni rejalashtirayotgani xabar berilgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid