Jahon | 23:43 / 08.11.2021
5314
2 daqiqa o‘qiladi

Mercedes-Benz atrofga chiqariluvchi zararli moddalarni kamaytirib ko‘rsatishda gumonlanmoqda

Germaniyaning Deutsche Umwelthilfe (DUH) notijorat tashkiloti Mercedes-Benz kompaniyasi o‘z mashinalaridan chiquvchi zararli moddalar hajmini kamaytirib ko‘rsatishi haqidagi hisobotni e'lon qildi.

Foto: EPA

Hisobotda ta'kidlanishicha, kompaniya bu maqsadda Yevro-6 standartiga mos keluvchi dizel dvigatelida ishlovchi Mercedes-Benz E-Class mashinalarida 8 ta maxsus qurilmani qo‘llaydi. Hozirgi vaqtgacha noma'lum bo‘lib qolgan ushbu qurilmalar muayyan ishlash rejimlarida azot oksidi moddasi ko‘rsatkichlarini ancha kamaytirib ko‘rsatgan.

Ushbu qurilmalar DUH tomonidan noqonuniy deb topilgan, chunki ular chiqindilarni laboratoriya sharoitida o‘lchashda natijalarni yanglish ko‘rsatish uchun qo‘llangan. Ta'kidlanishicha, kompaniya mashinalari atrof-muhitga chiqaradigan azot oksidi miqdori aslida belgilangan me'yorlardan 5 marta ko‘proqni tashkil qiladi.

O‘z navbatida, Germaniyaning avtomobil transporti federal boshqarmasi ushbu qurilmalardan xabari borligini va ular noqonuniy emasligini ma'lum qilgan.

2018 yilda Daimler kompaniyasi Germaniyada 238 mingta avtomobilni ortga qaytarib olgan. Bunga Mercedes Vito, C-sinf va GLC dizel modellarida chiqindi gazlarini tozalash tizimini o‘chirib qo‘yuvchi qurilma aniqlangani sabab bo‘lgan.

Daimler, Volkswagen va boshqa bir qator avtomobilsozlik kompaniyalari bir necha yil avval “dizelgeyt” deb nomlangan mojaro markazida qolgandi. O‘shanda kompaniyalar o‘zlarining dizel avtomobillarida atrof-muhitga chiqariladigan zararli chiqindilar hajmini kamaytirib ko‘rsatuvchi dasturiy ta'minot qo‘llashda ayblangan.

Mavzuga oid