O‘zbekiston | 15:50 / 09.11.2021
6751
4 daqiqa o‘qiladi

25 yil obodonchilik sohasida: gulistonlik Ra'no opaning kechmishi va tilaklari

Ra'no Xoliqulova turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda 25 yildan buyon Guliston shahar obodonlashtirish boshqarmasida ishlab keladi. Ular chorak asrki, xalqqa beminnat xizmat qilib, shahar ko‘chalarini tozalaydi, gul va ko‘chatlar o‘tqazadi.

Bir o‘g‘il va bir qizi bor. O‘g‘li ichki ishlar tizimida, qizi hamshira lavozimida, kelini esa o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Hozirda uch nafar nabiraning buvisi.

«Yozgi mavsumda ishimiz ertalab soat 6 dan boshlanadi. Tushlikda biroz dam olib, keyin kech soat 17:00 gacha ishlaymiz. Ishimizning og‘ir joyi yo‘q. Ko‘chalarni supurib, tozalaymiz. Bizdan keyin ko‘chalar toza bo‘lib qolsa o‘zimiz zavqlanamiz. Qish mavsumida esa ertaroq ishga chiqib, qariyalar bor, bolalar bor, yo‘lda yiqilmasliklari uchun qorlarni kuraymiz, yo‘llarni supurib tozalaymiz. Kimdir mehnatimizga past e'tibor bilan qaraydi, ayrim odamlar esa rahmat aytadi», — deydi Ra'no opa.

Ra'no Xoliqulovaning aytishicha, olayotgan maoshi ro‘zg‘orga yetadi. Turmush o‘rtog‘i 1,5 million so‘m olsa, o‘zining maoshi 1 mln 600 mingni tashkil qiladi. Har 3 oyda qo‘shimcha choraklik va ish stajiga qarab qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi mablag‘lar berib boriladi.

«Avval ko‘p qavatli uyda yashaganmiz. Keyinchalik hovli uyga ko‘chib o‘tdik, 7 xonali uy qurdik. 25 yilda ishlagan halol pullarimizga shu uyni qurganmiz. Ko‘p qavatli uyda yashagan vaqtimizda turmush o‘rtog‘im kasal bo‘lib, 3 yil yotib qolgan edi. Shunda ro‘zg‘or tebratish o‘zimning zimmamga tushdi», — deydi u.

O‘sha paytlari Ra'no opa ishga ertaroq chiqib, gohida o‘g‘lini ham o‘zi bilan olib chiqqan paytlar bo‘lgan. O‘g‘li tushgacha onasiga qarashib, keyin maktabga ketardi. Bo‘sh vaqtimizda sumka ham tikib, bozorga chiqargan. Mana shu tarzda tirikchilik qilib, turmush o‘rtog‘ini davolatib olgan.

«Farzandlarim gohida dam oling endi, ishlamay qo‘yavering, deyishadi. Men esa hali nevara to‘ylarimizni o‘tkazib olaylik, deyman. Uy qurdik, mashina oldik, hammasi mana shu mehnatimiz ortidan. Birimiz topganini ro‘zg‘orga sarflasak, birimiz topganini yig‘ib orttiramiz. Shu vaqtgacha ishdan bo‘shash haqida o‘ylab ko‘rmabman. Hozirgi ishimdan bo‘shab, yangi ishga joylashgunimcha ro‘zg‘orim to‘xtab qolsa nima qilaman, deb qo‘rqardim. Doim o‘z vaqtida maoshimizni olib kelganimiz uchun ham ishimni tashlab ketish haqida o‘ylamadim», — deydi Ra'no Xoliqulova.

Ra'no opa ko‘p yildan buyon shu sohaning nonini yeb yurgani uchun ham kelgusida obodonlashtirish korxonasi xodimlariga ayrim qulayliklar yaratilsa, degan ilinjni bildirdi.

«Bizga yozning issiq kunlarida yoki yog‘ingarchilik vaqtida kirib biroz dam olishimiz va ovqatlanish mumkin bo‘lgan bino ajratib berishlarini so‘ragan bo‘lardim. Ovqatlanish uchun joyimiz bo‘lmagani uchun doim u yoki bu tashkilotning oshxonasidan foydalanib kelyapmiz.

Bundan tashqari, dam olish, ish kiyimlarini almashtirib olish uchun joy ajratilmagan. Uzoq masofadan kelib ishlayotgan ayollar ham bor. Shuning uchun rahbarlarimizdan bizga bino ajratib berilishida amaliy yordam berishlarini so‘ragan bo‘lardim», deydi Ra'no Xoliqulova suhbatimiz oxirida.

Albatta, Sirdaryo viloyati va Guliston shahri rahbarlari shahar obodonchiligi uchun mas'ul bo‘lgan onaxonlarimiz, opa-singillarimizga qulay sharoit yaratib berish uchun o‘z vakolatlari doirasida yordam beradi, degan umiddamiz.

Shuhrat Yunusov, Kun.uz muxbiri

Montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov

Mavzuga oid