Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 mart kuni ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti, mahallalar obodligi va qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Qayd qilinishicha, oqova tarmog‘ini kengaytirish uchun budjetdan har yili trillionlab mablag‘ sarflanmoqda. Lekin shunga qarab qolmasdan, sohaga xususiy sektorni kengroq jalb qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, mahalliy tadbirkor Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Olmaliq, Bekobod, Angren va Chirchiq shahrida oqova suv tozalash inshootlarini quryapti. Yana bir tadbirkor Andijondagi ikkita tumanda suv va oqova xizmatlarini xususiy boshqaruvga olish tashabbusi bilan chiqqan. Shu kabi xususiy sheriklik loyihalarini ko‘paytirish, yirik korxonalarning xalqaro tenderlarda qatnashish imkonini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish jarayonini soddalashtirish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Endi tenderlarni tezlashtirib, yil yakunigacha 850 million dollarlik ishlarni bajarish topshirig‘i berildi.
Yana bir muhim vazifa – sohani raqamlashtirish. Buning uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 125 million dollar jalb qilinishi belgilangan. Besh yilda yirik suv inshooti va magistral quvurlarga 4 ming 800 ta “aqlli” hisoblagich, 2 ming 800 ta telemetriya tizimi o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Bu elektrotexnika sanoati uchun katta bozor ekani qayd etilib, hisoblagich ishlab chiqarishni ko‘paytirish, ularga xizmat ko‘rsatishni bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Issiqlik ta’minoti tabiiy gaz eng ko‘p sarflanadigan sohalardan biri. Keyingi besh yilda issiqlik tizimlarini tiklash uchun 19 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Markazlashgan issiqlik ta’minoti qamrovi 37 foizdan 58 foizga yetadi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga ko‘p qavatli uylar hamda ijtimoiy muassasalarda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriq berildi. Qayd etilganidek, 9 mingta uy-joy va binolar yopiq isitish tizimiga o‘tkaziladi. Natijada issiqlik yo‘qotilishi 2 barobar, gaz iste’moli 20 foizga kamayadi.
Yig‘ilishda bahorgi ekish tadbirlariga ham to‘xtalib o‘tildi. Hokimliklar zaxirasida turgan yerlarni ajratishning soddalashtirish choralari belgilandi. Endi qishloq yerlarini auksionda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotish bekor qilinadi. Auksionda sotilmagan yerning qiymati keyingi savdolarda kuniga 10 foizdan pasaytiriladi. Takror auksionda bitta ishtirokchi qatnashsa ham, g‘olib hisoblanadi. Yerning 10-20 foizi chorva uchun ozuqa ekishga chiqariladi.















