Jahon | 20:40 / 09.11.2021
2250
2 daqiqa o‘qiladi

Chili parlamenti quyi palatasi prezidentga impichment e'lon qilinishini ma'qulladi

Ushbu tashabbus prezidentning nomi turli mamlakatlarning siyosatchi va amaldorlari ofshor sxemalardan foydalangani ma'lum qilingan "Pandora hujjatlari"da tilga olinganidan so‘ng muxolifat tomonidan ilgari surilgandi.

Foto: AP

Chili parlamenti quyi palatasi mamlakat prezidenti Sebastyan Pineraga impichment e'lon qilinishini ma'qullab ovoz berdi.

Ushbu tashabbus prezidentning nomi turli mamlakatlarning siyosatchi va amaldorlari ofshor sxemalardan foydalangani ma'lum qilingan "Pandora hujjatlari"da tilga olinganidan so‘ng muxolifat tomonidan ilgari surilgandi.

Deputatlarning 78 nafari impichmentni qo‘llab, 67 nafari qarshi ovoz bergan, uch nafari betaraf qolgan. Endi bu masala senatorlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Pinera korrupsiya to‘g‘risidagi ayblovlarni rad etmoqda. Uning prezidentlik muddati 2022 yil bahorda tugaydi.

"Pandora hujjatlari"dan ma'lum bo‘lishicha, Pinera qarindoshlari egalik qiladigan Dominga tog‘-kon kompaniyasi ulushini sotishda Virgin orollaridagi ofshor kompaniyalardan foydalangan. Chili prokuraturasi ushbu hujjatlarni o‘rganmoqda.

Oktabr boshlarida Xalqaro jurnalist-surishtiruvchilar konsorsiumi 650dan ortiq jurnalist boshchiligida millionlab fayllarni o‘rganib chiqqan va 35ta hozirgi va sobiq davlat rahbarlari va uch yuzdan ortiq amaldorlar haqidagi ma'lumotlarni e'lon qilgandi. Unga “Pandora hujjatlari” deb nom berilgan.

Mavzuga oid