O‘zbekiston | 19:07 / 09.11.2021
7130
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Namangan viloyatidagi aholi salomatligi bilan bog‘liq murakkab vaziyatga izoh so‘radi

Prezident samolyot-samolyot odamlar Hindistonga davolangani ketishayotganini aytib, O‘zbekistonda arzon va sifatli tibbiyot tizimini tashkil qilishga nima to‘sqinlik qilayotgani haqida savol qo‘ydi.

Tibbiyot sohasidagi muammolar yechimiga oid videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqovning hisobotini tingladi.

«Namanganda tadbirkorlik rivojlangan, xususiy tibbiyot ham rivojlangan. Tibbiyot klasteri tuzib, namuna ko‘rsatishga hech qanday muammo yo‘q. Viloyatda yurak-qon tomir, jigar kasalliklari bilan bog‘liq vaziyat murakkab.

Bemorlar chetga, samolyot-samolyot odamlarimiz Hindistonga davolangani ketishyapti. Nahotki o‘zimizda arzon va sifatli tibbiyot tizimini tashkil qila olmaymiz?» deya savol qo‘ydi prezident.

Hokim Shavkat Abdurazzoqov kasalliklar ko‘payishi holatiga izoh berdi.

«Muhtaram prezident, topshirig‘ingiz bo‘yicha mahallalarda birlamchi ko‘riklar o‘tkazdik. Shunda o‘zining ahvolidan bexabar bo‘lgan minglab bemorlarda patologiya holatlari aniqlandi. Ya'ni yashirin holatlar qayd etildi. Endi bu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ishlaymiz», dedi u.

Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev hisoboti tinglandi va prezident alohida topshiriqlar berdi.

«Sog‘lom turmush tarzi barcha OAVda, xususiy telekanallarda ham keng targ‘ib qilinishi shart. Odamlar bu masalaning ahamiyatini tushunib yetishlari kerak. Ish faqat prezident uchungina bajarilishi kerak emas. Har bir inson, har bir fuqaromiz qadri uchun bajarilishi kerak. Eng ustuvor vazifamiz tibbiyot va ta'lim», dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid